Logo

Suchjouda O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari namoyish qilindi

Aprel 13, 2026. 14:17 • 3 daq

338
Suchjouda O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari namoyish qilindi
Suchjouda O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari namoyish qilindi
Suchjouda O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari namoyish qilindi

SUCHJOU, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Szyansu provinsiyasida “Yangi energetika sanoat zanjiri” 11-xalqaro yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan “Osiyo investitsiyalari va taraqqiyoti” forumida O‘zbekistonning investitsiya salohiyati namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur nufuzli yarmarka 2016 yildan buyon mahalliy hukumat hamda “Shanghai Metals Market” kompaniyasi hamkorligida muntazam tashkil etib kelinmoqda. Unda dunyoning yuzdan ortiq mamlakatdan 500 ga yaqin yirik kompaniyalar ishtirok etib, global sanoat va investitsiya maydonidagi dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.

Tadbir dasturidan 10 dan ortiq xalqaro anjumanlar o‘rin olgan bo‘lib, asosiy eʼtibor energiya saqlash tizimlari, elektr energetikasi, litiy akkumulyatorlari uchun materiallar, qayta ishlash jarayonlari, xomashyoni qazib olish, innovatsion qattiq jismli batareyalar kabi istiqbolli yo‘nalishlarga qaratilgan.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Xitoy–Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi prezidenti Chju Djokke global iqtisodiy muhitdagi tezkor o‘zgarishlar sharoitida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini taʼkidladi. Uning fikricha, bugungi kunda xalqaro bozorlarga chiqish kompaniyalar uchun tanlov emas, balki zamonaviy taraqqiyotning ajralmas talabi hisoblanadi. Shu bilan birga, global sanoat va logistika zanjirlari mintaqaviy hamda diversifikatsiya qilingan shaklga o‘tayotgani qayd etildi.

Shuningdek, “Shanghai Metals Market” rahbari Logan Lu kompaniyaning asosiy maqsadi — korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning global bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish va davlat hamda biznes o‘rtasida samarali muloqot platformasini shakllantirishdan iborat ekanini taʼkidladi. U yuqori sifatli xalqaro resurslarni birlashtirish va to‘liq xizmatlar zanjirini taqdim etish ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Forum doirasida ishtirokchilarga O‘zbekistonning boy iqtisodiy va infratuzilmaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish yo‘lida erishilgan natijalar alohida eʼtirof etildi.

Taqdimot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, hududlararo hamkorlik va ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ikki davlat iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani taʼkidlandi.

Tadbir yakunida xitoylik ishbilarmon doiralar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirib, energetika, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik va “yashil” texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish