O‘zbekiston delegatsiyasi Ruminiyada savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda qator kelishuvlarga erishdi
Aprel 10, 2026. 12:37 • 2 daq
• 181BUXAREST, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Uztrade” AJ vakillaridan iborat ishchi guruh Ruminiyaga tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida rasmiylar va ishbilarmonlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, delegatsiya aʼzolari Buxarest shahrida Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Ana Tinka va Investitsiyalar va tashqi savdo agentligi prezidenti Daniyel Konstantin bilan muzokara o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida Ruminiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu islohotlar keng ko‘lamli va uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Ruminiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkor deb hisoblashi qayd etildi. Ikki davlat o‘rtasida siyosiy muammolarning yo‘qligi savdoni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat yaratayotgani aytildi.
Tashrif doirasida delegatsiya Konstansa shahriga ham bordi. U yerda shahar meri Vergil Chitach, mintaqaviy kengash va milliy dengiz portlari maʼmuriyati vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
“Elvada Group” logistika kompaniyasi rahbari Aleks Leolea hamda mahalliy Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan ham muzokaralar tashkil etildi. Unda Qora dengiz sohilida O‘zbekiston savdo maydonchasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu tashabbus o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga chiqarishni osonlashtirishga qaratilgan.
Iqtisodiy uchrashuvlar Konstansadagi davra suhbati va Buxarestda 40 ga yaqin yirik kompaniyalar ishtirok etgan biznes-forum bilan davom etdi.
Muzokaralarda avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, neft-gaz, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida hamkorlikni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Tashrif yakunida tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi








