Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqish bildirdi
Aprel 14, 2026. 10:50 • 3 daq
• 116
PEKIN, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Xitoyning savdo-sanoat, yashil iqtisodiyot, qishloq va suv xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, taʼlim, qurilish va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirokida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, jumladan, erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari hamda istiqbolli investitsiya loyihalari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Xitoylik ishtirokchilar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar va investitsiyaviy hamkorlik yil sayin mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab, xitoylik investorlarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, taqdimot davomida davlat rahbarining Sirdaryo viloyatini Xitoy taraqqiyoti modeli asosida rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarori doirasida hududda xitoylik investorlar uchun qulay investitsiya muhiti va zamonaviy infratuzilma yaratilayotgani alohida taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun, Xitoy fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilganidan so‘ng, o‘tgan yili O‘zbekistonga 300 ming nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 1 million nafarga yetkazish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tadbir doirasida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar va muzokaralar tashkil etildi. O‘zbekistonning investitsiyaviy va turizm salohiyatini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi.
Xitoy biznes doiralari vakillari O‘zbekistonga investitsiya kiritish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Li Szinchje, “China Science Assistance Technology Group” kompaniyasi prezidenti:
— Bugungi tashkil etilgan biznes-forumda mamlakatingizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida keng maʼlumot oldik. Xitoylik investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar bizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kompaniyamiz taʼlim, sog‘liqni saqlash, sport, oziq-ovqat sanoati va raqamli texnologiyalar kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda. O‘ylashimcha, xitoylik biznes vakillarini O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirish orqali investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni yana-da oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash mumkin.
Syan Chjou, Shanxay hamkorlik tashkiloti Sanoat integratsiyasi instituti rektori:
— Ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun juda muhim edi. Taqdimotlar orqali O‘zbekistonda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar jarayonini yaqqol his qildik.
Ayniqsa, sanoatni rivojlantirish va shaharsozlik sohasida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholayman. O‘zbekistonda sanoatni modernizatsiya qilish, shaharsozlik va boshqa muhim loyihalarda ishtirok etish niyatidaman.
Xitoy tajribasi va zamonaviy yechimlar O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga ishonamiz. Hamkorligimiz orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga tayyormiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi