Logo

O‘zbekiston – Turkiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va hamjihatlik

Yanvar 29, 2026. 08:10 • 5 daq

82
O‘zbekiston – Turkiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va hamjihatlik

TOSHKENT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. 29-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiyaga boradi. Tashrif doirasida Anqara shahrida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bo‘lajak tashrif so‘nggi yillarda nafaqat siyosiy muloqotda, balki og‘ir sinovli damlarda ham o‘zining mustahkamligini tasdiqlagan O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining yuksak darajasini aks ettiradi. 2023 yil fevral oyida Turkiyaning Xatay va Gaziantep viloyatlarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilada O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib qardosh xalqqa yordam qo‘lini cho‘zgan edi.

Tashrif dasturida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yillar davomida ushbu hududlar keng ko‘lamli tiklanish bosqichini bosib o‘tdi va O‘zbekiston davlat rahbarining tashrifi infratuzilma va ijtimoiy hayotni qayta tiklash bo‘yicha saʼy-harakatlarga alohida ramziy maʼno beradi, qardoshlik, strategik sheriklik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan O‘zbekistonTurkiya munosabatlarining chuqurligini taʼkidlaydi.

2023-yil fevral oyida Turkiya zamonaviy tarixidagi eng og‘ir fojialardan biriga duch keldi. Mamlakatning Janubi-Sharqiy hududlariga taʼsir ko‘rsatgan kuchli zilzila ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga, turar-joy mavzelari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari va sanoat zonalarining keng ko‘lamli vayron bo‘lishiga olib keldi.

Xatay va Gaziantep viloyatlari tabiiy ofat markazida bo‘lgan. Minglab oilalar boshpanasidan ayrildi, o‘n minglab odamlar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyat fojiaga munosabat bildirdi va O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib hamdardlik bildirdi va amaliy yordam ko‘rsatdi.

O‘zbekiston ushbu murakkab pallada turkiy dunyo uchun qardosh mamlakat va Turkiyaning ishonchli strategik sherigi sifatida maydonga chiqdi. Qisqa vaqt ichida jabrlangan hududlarga O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining zamonaviy qutqaruv texnikalari bilan jihozlangan maxsus bo‘linmalari yuborildi. O‘zbekistonlik qutqaruvchilar va tibbiyot brigadalari qidiruv-qutqaruv operatsiyalarida, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda, gumanitar missiyalarda ishtirok etdi.

Dori-darmon, oziq-ovqat, eng zarur narsalar va boshqa insonparvarlik yuklari yetkazildi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xatay va Gaziantepga tashrif buyurib, turk xalqiga qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlik so‘zlarini bildirdi, turkiyalik hamkasblari bilan yordam ko‘rsatish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildi.

O‘zbekistonning zarar ko‘rgan hududlarni tiklash bo‘yicha uzoq muddatli saʼy-harakatlardagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, Hatay viloyatining Arsuz tumanida O‘zbekiston hukumati ko‘magida zilzila oqibatida uy-joyidan ayrilgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan turar joy majmuasi bepul qurib bitkazildi. Ushbu loyiha bir martalik yordamdan tashqari amaliy hamjihatlik va insonparvarlik masʼuliyatining yaqqol ramziga aylandi.

O‘zbekistonning bunday pozitsiyasi Turkiya bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik yo‘limizning mantiqiy davomidir. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil

4-martda o‘rnatilgan bo‘lib, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. O‘shandan buyon O‘zbekistonTurkiya munosabatlari siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalarni qamrab olgan holda izchil rivojlanib bormoqda.

2017-yil oktyabr oyida Anqara shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Qo‘shma bayonot imzolangani ikki tomonlama muloqotni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. 2018-yil may oyida Toshkentda yana bir Qo‘shma bayonot imzolanib, uning asosida ikki mamlakat prezidentlari raisligida O‘zbekistonTurkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. Ushbu mexanizm asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun muhim institutsional platformaga aylandi. Kengashning birinchi yig‘ilishi 2020-yil fevral oyida Anqara shahrida, ikkinchisi 2022-yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi, uning yakunlari bo‘yicha munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Kengashning uchinchi yig‘ilishi 2024-yil iyun oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi va siyosiy muloqotning barqarorligi va dinamikasini tasdiqladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Prezidenti besh marta Turkiyaga tashrif buyurdi, Turkiya Prezidenti esa bir necha bor O‘zbekistonga keldi, bu oliy darajadagi muloqotlar yuqori surʼatda o‘tayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston va Turkiya siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy integratsiya, transport bog‘liqligini rivojlantirish va umumiy turkiy madaniy merosni asrab-avaylash tarafdori bo‘lgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarda alohida o‘rin tutadi. Shu maʼnoda, parlamentlararo aloqalar, jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyati, qonun chiqaruvchi organlar rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqotlar ham faol rivojlanmoqda.

Shu bilan birga, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Siyosiy maslahatlashuvlarning 13 raundi o‘tkazildi, ulardan oxirgisi 2025-yil iyun oyida Anqarada bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni Turkiyadagi yirik xalqaro diplomatik tadbirlarda, jumladan, mintaqaviy va global kun tartibini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangan Anadolu diplomatik forumida muntazam ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik barqaror o‘sish va diversifikatsiyani namoyish etmoqda. Turkiya O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. 2023-yilda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolanib, ikki mamlakat biznesi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochildi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi qariyb

3 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Investitsiya sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, energetika, to‘qimachilik va infratuzilma loyihalariga katta miqdorda investitsiyalar yo‘naltirilmoqda. Transport yo‘laklari faol rivojlanmoqda, temir yo‘l, avtomobil va aviaqatnovlar ko‘paymoqda, mamlakatlar o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga qariyb 100 taga yetdi.

Tarixiy ildizlar, til, anʼanalar va maʼnaviy meros mushtarakligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Turkiyada o‘zbek adabiyoti va madaniyatining buyuk namoyandalari merosiga katta hurmat bilan qaraladi. Anqarada Alisher Navoiy haykalining ochilishi, Abu Rayhon Beruniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa ulug‘ mutafakkirlarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlarning o‘tkazilishi ana shu ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi. Taʼlim forumlari, rektorlar uchrashuvlari, madaniyat festivallari, fan va sanʼat sohasida qo‘shma loyihalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga bo‘lajak tashrifi O‘zbekistonTurkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lining davomi, shuningdek, jabr ko‘rgan mintaqalar bilan birdamlikning mantiqiy ishorasidir. U ikki qardosh xalqning og‘ir damlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashga, turkiy dunyoning o‘zaro ishonchi, hurmati va mushtarak qadriyatlariga asoslangan kelajagini birgalikda qurishga tayyorligini taʼkidlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish