“Hizbulloh” davom etayotgan jangovar harakatlar fonida Isroil va Livan o‘rtasida erishilgan kelishuvni rad etdi
Iyun 05, 2026. 15:25 • 3 daq
• 19
BAYRUT, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Livanning “Hizbulloh” harakati AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hamda Isroil va Livan o‘rtasida kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatishga doir yangi bitim shartlarini rad etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Associated Press” agentligiga tayanib.
Harakat yetakchisi Naim Qosimning bayonotida kelishuv “Livan xalqining keng qatlamlari” tomonidan qat’iyan rad etilgani, Vashingtondagi muzokaralar esa Livan uchun “samarasiz” va “kamsituvchi” bo‘lgani aytiladi.
Uning ta’kidlashicha, Isroilga hujumlarni to‘xtatish va “Hizbulloh” jangarilarini janubiy frontdan olib chiqib ketishni ko‘zda tutuvchi “o‘t ochishni to‘xtatish” deb atalayotgan kelishuv, aslida, Isroilning maqsadlarini bajarishni anglatadi va taslim bo‘lishga tengdir.
Avvalroq, Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishning mo‘rt rejimini qayta tiklaganini hamda Livan ichida “pilot” xavfsizlik zonalarini tashkil etganini e’lon qilgan edi. Kelishuvlarga ko‘ra, bu hududlarda “Hizbulloh” jangarilarining faoliyati taqiqlanishi lozim. Shuningdek, bitim harakat tomonidan Isroilga qilinadigan hujumlarni to‘xtatishni ham nazarda tutadi.
Bitim shartlariga ko‘ra, AQSH Livan qurolli kuchlari barcha nodavlat qurolli tuzilmalarni istisno qilgan holda hudud ustidan mutlaq nazoratni qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan “pilot zonalar”ni yaratishni muvofiqlashtirishda ishtirok etadi. Shu bilan birga, hujjatda zonalarning xaritalari va ularning faoliyat yuritish mexanizmlari keltirilmagan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan vaziyatni muhokama qilganini aytib, “bu borada ijobiy siljish kuzatilayotganini” qayd etdi. U, shuningdek, Livan tinchlikka erisha olsa, “juda yaxshi” bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“AP” agentligi kuzatuvlariga ko‘ra, Livanda kelishuvga nisbatan munosabat turlicha. Bayrutning janubiy tumanlari aholisi uning samaradorligiga shubha bildirib, bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish haqiqiy tinchlik deb hisoblana olmasligini aytmoqda.
Kelishuvlarga muvofiq, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yanada keng qamrovli bitimga erishish yuzasidan keyingi muzokaralarni o‘tkazish uchun tomonlarning navbatdagi uchrashuvi 22-iyunga rejalashtirilgan.
Bitim muhokamasi fonida jangovar harakatlar davom etmoqda. Livan janubiga yangi zarbalar berilgani va mamlakatning bir necha hududida havo hujumlari oqibatida odamlar halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Shuningdek, UNIFIL pozitsiyasi hududiga minomyot snaryadlari tushishi natijasida BMTning bir tinchlikparvari halok bo‘lgani haqida xabar berildi.
Isroil armiyasi “terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish” maqsadida Livan janubida amaliyotlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Bunga javoban “Hizbulloh” Isroil harbiy pozitsiyalariga raketa va dronlar yordamida hujumlar uyushtirganini bildirdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri 3526 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, bir milliondan ortiq aholi o‘z uy-joyini tark etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Daniya Bosh vaziri yangi koalitsion hukumatni muvaffaqiyatli shakllantirib, o‘z lavozimini saqlab qoldi



