Sietl taomlar festivalida yuz bergan otishma oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Iyul 28, 2026. 16:00 • 2 daq

86
Sietl taomlar festivalida yuz bergan otishma oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

SIETL, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSHning Vashington shtati Sietl shahrida anʼanaviy ravishda o‘tkaziladigan «The Bite of Seattle» taomlar festivali vaqtida yuz bergan otishma natijasida uch kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“CNN” nashrining xabar berishicha, festival o‘tkazilayotgan hududda nomaʼlum shaxslar tomonidan o‘qotar qurol ishlatilgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa kamida ikki guruh o‘rtasidagi otishma natijasida yuz bergan bo‘lib, voqea jinoiy guruhlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Halok bo‘lganlar orasida 19 yoshli yigit ham bor. Taxminlarga ko‘ra, u otishmada ishtirok etgan shaxslardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, otishma vaqtida 44 yoshli erkak hamda 56 yoshli ayol ham vafot etgan.

Shahar meri Keti Uilsonning maʼlum qilishicha, hodisaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 15 yoshli o‘smir qo‘lga olingan. Yana bir gumondor shaxsni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.

Otishma jarayoni videokuzatuv kameralariga tushmagani sababli, politsiya voqea guvohlaridan mavjud maʼlumotlarni taqdim etishni so‘ragan.

Vashington shtati gubernatori Bob Fergyuson halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, voqea joyida faoliyat olib borayotgan qutqaruv xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mamlakatimizning Sietldagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish