Budapeshtda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Dekabr 29, 2025. 09:00 • 1 daq
• 123
BUDAPESHT, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasida Yangi yil bayrami munosabati bilan ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasining asosiy mazmun-mohiyati va asosiy qoidalari taqdim etildi. Taʼkidlanganidek, Murojaatnomada mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari tahlil qilinib, keyingi yillarda erishilgan yutuqlar ko‘rsatib o‘tildi hamda kelgusi davrga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, makroiqtisodiy barqarorlikni, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini taʼminlash, xorijiy investorlar va xalqaro hamkorlar ishonchini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, aholi farovonligini oshirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, energetika, kommunal, uy-joy va transport infratuzilmasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi qayd etildi.
Murojaatnomaning maqsad va vazifalari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun dolzarbligi, o‘zbek diasporasi bilan iqtisodiy, gumanitar va madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir yakunida Prezidentimizning mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan 2026-yilni “ Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilish tashabbusi eʼtirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi