AQShda o‘zbek ayollar kengashi tashkil etiladi
Dekabr 23, 2025. 10:52 • 52 soniya
• 323
FILADELFIYA, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. AQShning Filadelfiya shahrida o‘zbek diasporasi vakillari bo‘lgan ishbilarmon ayollar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir, “Vatan” jamiyati hamda O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, tadbirkorlik, jamoat ishlari va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotgan diaspora vakillarini birlashtirdi. Ishtirokchilar ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash hamda diaspora hamjamiyatida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Tadbir doirasida rieltorlik va yuridik xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi va bu ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, “Vatan” jamiyati ko‘magida Ayollar kengashini tashkil etish, xotin-qizlar ishtirokida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, mintaqada istiqomat qilayotgan vatandosh ayollarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun ixtisoslashtirilgan maslahat markazini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Ushbu tadbirning o‘tkazilishi diaspora birlashmalarining O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari bilan samarali hamkorligining navbatdagi namunasi bo‘ldi. Bu vatandoshlarni jipslashtirish va ularning xorijdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi