Logo

Moskvadan munosabat: Rossiya–O‘zbekiston biznes hamkorligi barqaror rivojlanmoqda

Dekabr 29, 2025. 11:21 • 2 daq

30
Moskvadan munosabat: Rossiya–O‘zbekiston biznes hamkorligi barqaror rivojlanmoqda

MOSKVA, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarini o‘rganish markazi katta ilmiy xodimi, Zamonaviy Turkiyani o‘rganish markazi direktori Amur Gadjiyev “Dunyo” AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida nafaqat o‘tib borayotgan 2025-yil yakunlarini sarhisob qildi, balki mamlakatda so‘nggi to‘qqiz yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga ham baho berdi. O‘zbekiston rahbari keltirgan raqamlar haqiqatan ham hayratlanarli. O‘zbekiston kambag‘allik va ishsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha yuqori natijalarga erishdi, energetika sohasida sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritildi, mamlakatda suv taʼminoti sezilarli darajada yaxshilandi, yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisining fikricha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar, ustuvor yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. O‘zgarishlar mamlakatning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini hisobga olgan holda yana-da yuqori darajaga ko‘tarildi. Agar, ilgari 2030-yilga borib mamlakat yalpi ichki mahsulotini 160 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, endi bu daraja 50 foizdan ko‘proqqa oshib, 240 milliard dollardan oshishi mumkin. Bundan tashqari, tuzatishlar jamoatchilik bilan kelishilgan holda kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu shundan dalolat beradiki, davlatning jadal rivojlanishi o‘zbek fuqarolarining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan insonparvar yondashuvlar asosida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi tashqi siyosatga to‘xtalar ekan, dunyodagi geosiyosiy va iqtisodiy tahdidlarga qaramay, uni muvozanatli va ochiq saqlash muhim ekanini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlaridan biridir. Hozirgi vaqtda ikki mamlakat iqtisodiyotning deyarli barcha sohalariga tegishli bo‘lgan ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu Rossiya–O‘zbekiston biznes hamkorligining barqaror rivojlanishidan dalolat beradi.

Toshkent nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilot hamda institutlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Bunday asosiy tashkilotlar sifatida MDH va ShHT ajratib ko‘rsatilgan. Shu bois, O‘zbekiston kelgusi yilda ham ushbu xalqaro tuzilmalar doirasida sheriklik aloqalarini kengaytirishda davom etadi, deb taxmin qilish mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Rakhataliyeva

rakhataliyeva@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish