Logo

Chennai shahrida O‘zbekiston–Hindiston davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Aprel 18, 2026. 10:00 • 2 daq

7
Chennai shahrida O‘zbekiston–Hindiston davra suhbati bo‘lib o‘tdi

ChENNAI, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Hindiston sanoat konfederatsiyasining (Confederation of Indian Industries – CII) Tamilnad shtatidagi mintaqaviy bo‘limi bilan hamkorlikda Janubiy Hindistonning asosiy sanoat va texnologik markazlaridan biri bo‘lgan Chennai shahrida davra suhbati tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan Hindiston ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirdi.

Elchi Sardor Rustamboyev mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichlari hamda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar haqida so‘zlab berdi. Diplomat investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlari va chet ellik samoyadorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlariga alohida eʼtibor qaratdi.

Taqdimot doirasida O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklarida faoliyat yuritishning afzalliklari batafsil bayon etildi. Hindistonlik tadbirkorlar soliq imtiyozlari va preferensiyalar, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida to‘liq maʼlumot oldi.

Hindiston biznesi vakillari turli sohalarda kooperatsiya aloqalari o‘rnatishga katta qiziqish bildirdi. Avtomobilsozlik va mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, muqobil energetika, taʼlim va boshqa tarmoqlar sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Tomonlar amaliy sanoat loyihalariga alohida eʼtibor qaratdi. Hindiston kompaniyalari O‘zbekistonda avtomobillar uchun butlovchi qismlar, dronlar va sensorlar, shuningdek, bozorda talab yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollariga urg‘u berdi.

Interaktiv shaklda o‘tgan anjumanda hindistonlik tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, jumladan, O‘zbekistonda biznes yuritishning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil javoblar oldi.

Davra suhbati yakunida barcha ishtirokchi kompaniyalar joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish