Dushanbeda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

May 22, 2026. 09:00 • 2 daq

17
Dushanbeda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Dushanbeda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Dushanbeda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Dushanbeda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

DUSHANBE, 22-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida nashr etilgan “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda mamlakatimiz elchisi Ergash Shaismatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur, O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhanova, “Vatandoshlar” jamoat fondi masʼul xodimlari, shuningdek, Tojikistonning ko‘plab taniqli shoir, yozuvchi va olimlari ishtirok etdi.

Mazkur kitobga Tojikiston o‘zbek adabiyotining 80 nafar yorqin vakili ijodidan sara namunalar kiritilgan. Ushbu asarlar o‘quvchilarga Tojikistonda yashab ijod qilayotgan o‘zbek ziyolilarining orzu-intilishlari, badiiy tafakkuri hamda ikki xalq do‘stligini yuksak darajada tarannum etganini chuqur his etish imkonini beradi.

Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining oqilona siyosati tufayli madaniy-gumanitar va adabiy aloqalar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini eʼtirof etdi.

Bugungi kunda muntazam tashkil etilayotgan qo‘shma madaniy forumlar va ijodiy uchrashuvlar ikki xalqning maʼnaviy birligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy qardoshligi, mushtarak tarixi va qadriyatlari bardavom bo‘lishi, shuningdek, mazkur antologiya kelgusida ikki mamlakat adabiy muhiti o‘rtasidagi hamkorlik ko‘priklarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish