Kuala-Lumpurda O‘zbekistonning sarxil mevalar eksport imkoniyatlari namoyish etildi
May 21, 2026. 21:25 • 2 daq
• 2KUALA-LUMPUR, 21-may. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Malayziyadagi elchixonasida O‘zbekistonning sarxil mevalari – gilos, o‘rik va shaftoli eksporti imkoniyatlariga bag‘ishlagan taqdimot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziyaning meva-sabzavot savdosiga ixtisoslashgan o‘ndan ziyod yetakchi shirkatlari, xususan, “NSK Grocer Sdn Bhd”, “MBG Fruits Sdn Bhd”, “Wonderfruits & Vegetables Import and Export Sdn Bhd”, “Natures Best Sdn Bhd” va boshqa yirik savdo tarmoqlari hamda importyor korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivoji, ayniqsa, Malayziya bozori va u orqali butun Janubi-Sharqiy Osiyo (ASEAN) mintaqasiga mahalliy meva-sabzavot hamda qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratdi.
Xorijlik tadbirkorlarga yurtimizning yetakchi eksportchi korxonalari tomonidan tayyorlangan tijoriy takliflar taqdim etildi. Elchi logistika masalasiga to‘xtalib, “Toshkent–Kuala-Lumpur–Toshkent” yo‘nalishidagi muntazam aviaparvozlar orqali sarxil mevalarni Kuala-Lumpur xalqaro aeroportigacha, qisqa muddatda va maqbul tariflarda yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilganini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida Malayziyaning yirik meva importchisi hisoblangan “MBG Fruits Sdn Bhd” va transmilliy savdo tarmog‘i – “NSK Grocer Sdn. Bhd.” kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistondan mavsumga qarab, yuqori sifatli mevalarni tizimli ravishda xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Tadbir yakunida malayziyalik biznes vakillari yurtimizdan keltirilgan gilos, o‘rik va shaftoli namunalarini tatib ko‘rib, ularning taʼmi va tovar ko‘rinishiga yuqori baho berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







