Islomobodda O‘zbekiston va Pokiston SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Noyabr 07, 2026. 11:30 • 2 daq
• 143
ISLOMOBOD, 7 noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinator Xalil Hashmi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar avvalida O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarining bugungi holati, ularni yanada rivojlantirish istiqbollari, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi va SHHT doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mintaqadagi joriy vaziyat, uning xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligiga ta’siri yuzasidan fikr almashdilar.
Mintaqaviy muammolarni hal etish Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Xalil Hashmi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni, barqaror siyosiy muloqotni hamda oliy darajadagi ishonchli aloqalarni alohida qayd etdi. Uning aytishicha, savdo-iqtisodiy, transport, turizm va hududlararo hamkorlikni o‘z ichiga olgan deyarli barcha yo‘nalishlarda ijobiy sur’at kuzatilmoqda.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtingizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jadal iqtisodiy taraqqiyot va izchil islohotlar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi Pokiston TIV rahbari o‘rinbosari. – Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muloqot chog‘ida Pokistonning SHHTga raisligi davrida belgilangan bo‘lajak tadbirlar, shuningdek, joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faol muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 31-avgust kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishidan so‘ng tashkilotga bir yillik raislik Pokistonga o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi