O‘zbekiston va Xitoyning Venchjou provinsiyasi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik kengaytiriladi
Aprel 20, 2026. 10:05 • 2 daq
• 78VENCHJOU, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlarining Xiytoyning Chjeszyan provinsiyasi Venchjou shahriga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif Venchjou shahri Tashqi ishlar kanselyariyasi taklifi bilan tashkil etildi.
Safar doirasida Venchjou shahar meri Chjan Vensze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston va XXR davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yaqin hamkorlik uchun yanada qulay sharoit yaratayotgani, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 17,8 million dollarga yetgani taʼkidlandi.
Shuningdek, “Wenzhou Garden Expo Park”da 15-xalqaro bog‘lar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Chjeszyan provinsiyasi va Venchjou shahri rahbarlari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ushbu parkda Xitoy shaharlari nomlari bilan atalgan bog‘lardan tashqari O‘zbekiston, AQSh, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Tailand, Yaponiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ipak yo‘li hamkorlik dengiz bog‘lari va IFLA tashkilotining pavilyonlari barpo etilgan bo‘lib, ular doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatib keladi.
Kunning ikkinchi yarmida Venchjou shahar Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tomonidan iqtisodiy va savdo konferensiyasi o‘tkazildi. Unda 50 dan ortiq yirik mahalliy kompaniya, O‘zbekiston, Qatar va Belarus konsulxonalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida “Kangnai Group”, “Fapai Group” va “Chaoda Valves Group” kompaniyalari hamda Venchjou Iqtisodiy va axborot byurosi rahbariyati bilan O‘zbekistonda investitsiya hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazildi.
Venchjou shahar Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi raisi Zeng Vey bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Venchjou kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



