AQSHda “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
Aprel 20, 2026. 09:00 • 2 daq
• 6
VASHINGTON, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi nufuzli Jorj Vashington universitetida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning asosiy voqeasi – “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy filmining premyerasi bo‘ldi. Markaziy Osiyo tarixiy merosini ommalashtirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan ushbu namoyish Amerika jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvda AQSH Davlat departamenti vakillari, tarixchi olimlar, siyosatshunoslar, Jorj Vashington universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda vatandoshlarimizdan iborat 150 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.
Kinonamoyish oldidan Amir Temurning tarixiy roli va uning davridagi sivilizatsiyaviy yutuqlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida sohibqiron merosi nafaqat harbiy tarix, balki samarali davlat boshqaruvi tizimi, diplomatiya va ilm-fan rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa ekani taʼkidlandi. Jumladan, Markaziy Osiyo dasturi direktori, professor Sebastyen Peyruz Amir Temurning strategik mahorati, meʼmorchilik va shaharsozlik anʼanalarini shakllantirishdagi yetakchilik roliga yuqori baho berdi.
XV asrning tarixiy voqealari va zamonaviy syujetini o‘zida mujassam etgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Namoyishdan so‘ng ishtirokchilar fan, taʼlim va madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Vashingtonda o‘tkazilgan ushbu tadbir O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash, Amir Temur merosini jahon miqyosda targ‘ib qilish hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi akademik muloqotni yana-da yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi