O‘zbekiston va Pokiston to‘qimachilik sohasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirishni rejalashtiromoqda
Aprel 20, 2026. 10:43 • 2 daq
• 103TOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yirik to‘qimachilik kompaniyalaridan biri “Indus Apparel Group” ijrochi direktori Xurram Harun mamlakatimizga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Xurram Harun Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev bilan muzokara o‘tkazdi.
Tomonlar to‘qimachilik va ip-kalava tarmoqlarida ikki tomonlama sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish kooperatsiyasini yaratish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, “ZELAL TEKSTIL” korxonasi taʼsischisi Firat Deniz bilan zamonaviy texnologik jarayonlari va tayyor mahsulotlarning eksport imkoniyatlari muhokama qilindi.
Investitsiya muhitini tahlil qilish maqsadida Xurram Harun Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand va Buxoro viloyatlarida bo‘ldi. Ushbu hududlarda u “Tashkent Cotton Textile”, “Chust Textile”, “Asaka Textile”, “Khantex Group”, “Buxoro Cotton Textile” va “Merganteks” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar faoliyati bilan tanishdi. Investor O‘zbekiston korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, texnik jihozlanish darajasi va eksport salohiyatini o‘rgandi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar qisqa muddatlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ishga tushirishga kelishib oldi. Uchrashuv ishtirokchilari sanoat muloqotini mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kelgusi amaliy harakatlar rejasi belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

