Oliy Majlis Senati raisi Istanbulda Ozarbayjon va Belarus parlamentlari rahbarlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Aprel 20, 2026. 09:25 • 2 daq
• 16ISTANBUL, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Istanbul shahrida Ozarbayjon va Belarus parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentimiz yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, Ozarbayjon Milliy Mejlisi raisi Sahiba Gafarova bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida parlamentlararo munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan ikkinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon parlamentlararo forumini tashkil etish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Belarus Milliy Majlisi Respublika Kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashuv davomida ikki mamlakat parlamentlararo hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, navbatdagi O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumini, parlament rahbarlari uchrashuvlarini, Yosh parlament aʼzolari forumini tashkil etish hamda hududiy vakillik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida parlamentlararo forumlar va parlament komissiyalari ikki tomonlama munosabatlarning amaliy va samarali mexanizmlari sifatida alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

