Hindistonda O‘zbekiston tibbiy taʼlim sifati bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi

Iyun 02, 2026. 08:10 • 2 daq

161
Hindistonda O‘zbekiston tibbiy taʼlim sifati bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi

DEHLI, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. 2025-yil dekabr oyida Hindistonda xorijiy tibbiyot oliy bilim yurtlari bitiruvchilari uchun o‘tkazilgan imtihon (Foreign Medical Graduate Examination - FMGE) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tibbiy taʼlim beruvchi yetakchi davlatlar orasida imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish foizi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda Hindiston Milliy imtihon kengashi (National Board of Examinations in Medical Sciences - NBEMS) tomonidan maʼlum qilindi.

Rasmiy hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini bitirgan hind talabalarining umumiy muvaffaqiyat ko‘rsatkichi 40,37 foizni tashkil etgan. Ushbu natija diplomlari Hindistonda tan olinadigan “Top-10” mamlakatlar ichida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

O‘zbekiston reytingdagi o‘zining eng yaqin raqobatchilarini ishonchli tarzda ortda qoldirdi. Imtihondan o‘tish foizi bo‘yicha o‘rinlar taqsimoti quyidagicha ko‘rinishga ega:

1. O‘zbekiston - 40,37%

2. Bangladesh - 34,45%

3. Gruziya - 32,36%

4. Rossiya - 30,94%

5. Qozog‘iston - 29,33%

6. Nepal - 23,92%

7. Ukraina - 21,48%

8. Qirg‘iziston - 20,21%

9. Filippin - 18,56%

10. Xitoy - 14,26%

Bu maʼlumot O‘zbekiston universitetlaridagi xalqaro standartlarga asoslangan o‘quv dasturlari hamda klinik tayyorgarlik jarayoni yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘rsatkichi alohida eʼtirofga loyiq. Ushbu oliy bilim yurti bitiruvchilari 42 foizlik muvaffaqiyat natijasini namoyish etdi. Bu barcha xorijiy tibbiyot institutlari orasida eng yuqori individual ko‘rsatkichlardan biridir.

Hindistonning tibbiy taʼlimni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi “MD House” taʼlim kompaniyasi ushbu natija Hindistondagi talabalar va ularning ota-onalari orasida O‘zbekiston universitetlari diplomlariga bo‘lgan ishonchni sezilarli darajada mustahkamlashini taʼkidladi.

“Ushbu yutuq mamlakat universitetlarida tibbiy taʼlim va talabalarni tayyorlash darajasi nechog‘li yuqori ekanini ko‘rsatadi. Biz O‘zbekistonda tahsil olishning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirish va ishonchni yana-da mustahkamlash uchun ushbu muvaffaqiyatni Hindistonda faol targ‘ib qilmoqdamiz”, deya izoh berdi kompaniya vakillari.

Nufuzli NBEMS reytingida birinchi o‘rinni egallash orqali O‘zbekiston nafaqat mintaqada tibbiy taʼlim olish uchun eng yaxshi yo‘nalishlardan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi, balki Hindiston kabi yirik xalqaro bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga qodirligini namoyish etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish