O‘zbekiston va Chjunshan o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi

Iyun 06, 2026. 09:00 • 2 daq

218
O‘zbekiston va Chjunshan o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi

GUANCHJOU, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi, Xitoyning Chjunshan shahri Tashqi ishlar boshqarmasi hamda Xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida tomonlar O‘zbekiston hududlari va Chjunshan shahri o‘rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tashriflar ko‘lamini kengaytirish hamda iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Suhbat davomida shu yil iyul oyida rejalashtirilgan Chjunshan merining o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Safar doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, “Buxoro – Chjunshan: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik” biznes-forumi o‘tkazilishi hamda qator kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Savdo-sanoat palatasi va Chjunshan shahri Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (CCPIT) o‘rtasida biznes-missiyalar almashinuvini faollashtirish, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga kelishib olindi.

Chjunshan – Guandun provinsiyasining yirik sanoat va savdo markazlaridan biri bo‘lib, aholisi 4,5 million kishiga yaqin. Shahar iqtisodiyotining asosini elektrotexnika, mebel va to‘qimachilik sanoati hamda maishiy texnika ishlab chiqarish tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish