AQSH poytaxtida o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar uchun “Uzbekistan Business Leaders” dasturining navbatdagi bosqichi boshlandi
Iyun 06, 2026. 15:30 • 2 daq
• 91VASHINGTON, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSHda o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar uchun “Uzbekistan Business Leaders” (UBL) dasturining navbatdagi bosqichi ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dasturning rasmiy ochilish marosimi va uning ishtirokchilari uchun tanishtiruv seminari “American Councils for International Education” idorasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz elchixonasi vakillari, AQSH Davlat departamenti Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha idorasi direktori o‘rinbosari Alisa Bibb, “American Councils” prezidenti Liza Chout, “American Councils” direktorlar kengashi raisi, AQSHning Qozog‘iston va Armanistondagi sobiq elchisi Jon Ordvey, “National Center for Resource Development” markazi asoschisi Jo Kapp hamda o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Alisa Bibb so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar faol rivojlanish bosqichiga kirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlik savdo, sarmoya, texnologiyalar va axborot texnologiyalari sohalarida jadal kengayib bormoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi amaliy sheriklikni mustahkamlash O‘zbekiston-AQSH kun tartibining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
“American Councils” tashkiloti prezidenti Liza Chout o‘z navbatida O‘zbekiston bilan xalqaro ta’lim va kasbiy almashinuv dasturlari doirasida ko‘p yillik hamkorlik tajribasi mavjudligini qayd etib, ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanayotganini va uning amaliy natijalaridan biri sifatida UBL dasturining ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur nafaqat ta’lim maydoni, balki tajriba almashish va kasbiy aloqalar o‘rnatish uchun samarali platforma hamdir. Shuningdek, u amerikalik hamkorlarga O‘zbekistonning tadbirkorlik muhiti va yosh ishbilarmonlarning salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Jon Ordvey ishtirokchilarni dastur boshlangani bilan tabriklab, ularni ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida orttirilgan bilimlarni amalda qo‘llagan holda Amerikaning ilg‘or tajribasidan faol foydalanishga chaqirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston diplomatlari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining bugungi holati, shuningdek, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovatsion-texnologik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berdilar.
Interfaol muloqot doirasida dastur ishtirokchilari O‘zbekistonda yangi biznes-modellar, eksportbop mahsulotlar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish uchun orttirilgan tajribani qo‘llash bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





