O‘zbekiston va Malayziya tadbirkorlari yangi loyihalarni muhokama qildi
Aprel 20, 2026. 08:10 • 2 daq
• 125KUALA-LUMPUR, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Kuala-Lumpur shahrida biznes forum tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Biznes diplomat” xalqaro loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Forumning asosiy maqsadi – o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Malayziyaning yetakchi kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash, investitsiya va savdo imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda har ikki mamlakatdan yuz nafardan ortiq tadbirkorlar, investorlar va biznes vakillari qatnashdi. Bu forumning ahamiyati yuqori ekanini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.
“Biznes diplomat” loyihasi rahbari Mirshod Shakirov Malayziya tadbirkorlarini O‘zbekistonda biznes boshlash uchun qulay fursat paydo bo‘lganini taʼkidladi. Ularni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo bozorlarini o‘rganishga chaqirdi.
Forum davomida xizmat ko‘rsatish, qurilish, taʼlim, yashil energiya, chakana va ulgurji savdo, eksport-import, AKT, moliya va sug‘urta, turizm kabi sohalarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Malayziyalik tadbirkorlar O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar va biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholashdi. Ular bunday uchrashuvlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma ekanini taʼkidladi.
Tadbir yakunida Malayziya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga savdo missiyalarini tashkil etish, shu doirada aniq loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




