Minskda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Sentabr 10, 2026. 19:30 • 2 daq
• 26MINSK, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Belarus poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Belarusdagi elchixonasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat idoralari vakillari, diplomatlar, talabalar hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko mehmonlarni bayram bilan qutlab, Surxondaryo va Mogilyov viloyatlarining iqtisodiy hamda investitsiyaviy imkoniyatlari xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov ikki mamlakat yetakchilarining do‘stona va ochiq munosabatlari, iyul oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlar o‘zaro aloqalarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqanini taʼkidladi.
“Hozirda ushbu kelishuvlarning samarali ijrosi ikki mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan faol taʼminlanmoqda. Tomonlar qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi doirasida aniq natijalarga erishmoqda”, – dedi diplomat.
Yuriy Shuleyko O‘zbekiston Prezidentining Belarus Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va maqsadlari belgilab berilganini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avgust–sentyabr oylarida hududlararo aloqalar sezilarli darajada kengaydi, ikki mamlakatning bir qator viloyatlari vakillarining o‘zaro tashriflari amalga oshirildi.
“Bugun Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya ham aniq va istiqbolli kelishuvlarga erishdi”, – dedi Belarus hukumati rahbari o‘rinbosari.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Mogilyov viloyati bilan sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani va erishilgan natijalar haqida so‘z yuritib, Belarusning boshqa hududlari bilan ham yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Yaqin kunlarda Xiva shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston–Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo forum haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirning madaniy qismida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston va Tatariston xalq artisti, opera xonandasi Jenisbek Piyazov, Belarus Katta teatri solisti Oksana Volkova hamda “Sharqona” raqs ansambli o‘z ijod namunalarini namoyish qildi.
Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari hamda Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan yangi va quritilgan mevalar tortiq qilindi. Tantanali marosim O‘zbekistonga xos bo‘lgan samimiy mehmondo‘stlik, ochiqlik va yuqori madaniyat darajasini yana bir bor namoyish etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




