Logo

Hindiston parlamentida O‘zbekiston bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi tashkil etildi

Mart 09, 2026. 10:30 • 3 daq

7
Hindiston parlamentida O‘zbekiston bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi tashkil etildi

DEHLI, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning oliy qonun chiqaruvchi organida “Hindiston–O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi (India-Uzbekistan Parliamentary Friendship Group) tashkil etilgani rasman e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning mantiqiy davomi bo‘ldi. So‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlar iqtisodiyot va yuqori texnologiyalardan tortib, madaniy-gumanitar almashinuvgacha bo‘lgan barcha asosiy sohalarda izchil sur’atda rivojlanib bormoqda.

Mazkur guruh Hindiston parlamenti quyi palatasi - Lok Sabha spikeri Om Birla tashabbusi bilan shakllantirildi. Lok Sabha Kotibiyati yangi Do‘stlik guruhi faoliyatiga start beruvchi maxsus rezolyutsiyani qabul qildi.

Guruh tarkibining inklyuzivligi uning o‘ziga xos jihatidir. Unga parlamentning yuqori (Rajya Sabha) va quyi (Lok Sabha) palatalari a’zolari, shuningdek, hukmron koalitsiya hamda muxolifat partiyalari vakillari kiritildi. Hukmron BJP (Bharatiya janata parti) partiyasidan deputat, taniqli siyosiy arbob Ganesh Singh Do‘stlik guruhi rahbari etib tayinlandi.

Guruhning tashkil etilishi Lok Sabha spikeri Om Birlaning 2025-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida Hindiston delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Om Birla O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan qabul qilingan edi.

Ushbu uchrashuvlar davomida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning barqaror o‘sishi, tovar ayirboshlash hajmining oshishi, energetika, farmatsevtika, IT-sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani va aviaqatnovlar kengayotganini mamnuniyat bilan qayd etgandi. Ikki mamlakat hududlari salohiyatidan samarali foydalanish uchun parlamentlararo almashinuvni faollashtirish, do‘stlik guruhlari va yoshlar platformalarini yaratish muhimligi alohida ta’kidlangan edi.

Bugungi kunda parlament diplomatiyasi investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, ta’lim va boshqa sohalardagi ikki tomonlama tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning muhim vositasiga aylanmoqda.

Hindiston tomonining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Do‘stlik guruhi faoliyati qonun chiqaruvchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni chuqurlashtirish va sohaviy qo‘mitalar darajasida aloqalarni mustahkamlash, qonunchilik amaliyoti va davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish, iqtisodiy, madaniy, ta’lim va gumanitar sohalardagi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda Toshkent va Dehli o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasidagi uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarga qaratiladi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Dehlida parlamentlararo hamkorlikning doimiy mexanizmi yaratilishi O‘zbekistonning Hindiston uchun Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatidagi alohida maqomini yana bir bor tasdiqlaydi. O‘zaro sayyohlar oqimi faol o‘sib borayotgan va yangi ta’lim dasturlari (jumladan, Hindistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganish) yo‘lga qo‘yilayotgan bir sharoitda, Do‘stlik guruhining faoliyati ikki xalqni yanada yaqinlashtirishda ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish