Ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma tanlovi o‘tkaziladi
Mart 07, 2026. 10:27 • 2 daq
• 93
BUDAPESHT, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Vengriya Tadqiqotlar, ishlanmalar va innovatsiyalar milliy ofisi (NRDI Office) hamda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida vengriyalik hamkorlar O‘zbekistonni ilmiy tadqiqotlar va yuqori texnologiyalar sohasidagi asosiy strategik sheriklardan biri sifatida ko‘rishini taʼkidladi. Xususan, yaqinda o‘tkazilgan III O‘zbekiston–Vengriya rektorlar forumida Vengriyaning 19 ta nufuzli universiteti va qator ilmiy markazlari ishtirok etgani ikki davlat akademik doiralari o‘rtasidagi qiziqish naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.
Muzokaralarning amaliy natijasi sifatida, tomonlar ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma tanlovini o‘tkazishga kelishib oldi. Ushbu mexanizm ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilariga birgalikda istiqbolli texnologik yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.
Uchrashuvda ilmiy hamkorlik strategik sheriklikning ajralmas qismi ekani va u universitetlar, tadqiqot markazlari hamda innovatsion tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashi qayd etildi. Tomonlar barqaror rivojlanish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi