Logo

Ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma tanlovi o‘tkaziladi

Mart 07, 2026. 10:27 • 2 daq

92
Ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma tanlovi o‘tkaziladi

BUDAPESHT, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Vengriya Tadqiqotlar, ishlanmalar va innovatsiyalar milliy ofisi (NRDI Office) hamda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida vengriyalik hamkorlar O‘zbekistonni ilmiy tadqiqotlar va yuqori texnologiyalar sohasidagi asosiy strategik sheriklardan biri sifatida ko‘rishini taʼkidladi. Xususan, yaqinda o‘tkazilgan III O‘zbekiston–Vengriya rektorlar forumida Vengriyaning 19 ta nufuzli universiteti va qator ilmiy markazlari ishtirok etgani ikki davlat akademik doiralari o‘rtasidagi qiziqish naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.

Muzokaralarning amaliy natijasi sifatida, tomonlar ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma tanlovini o‘tkazishga kelishib oldi. Ushbu mexanizm ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilariga birgalikda istiqbolli texnologik yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.

Uchrashuvda ilmiy hamkorlik strategik sheriklikning ajralmas qismi ekani va u universitetlar, tadqiqot markazlari hamda innovatsion tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashi qayd etildi. Tomonlar barqaror rivojlanish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish