O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida mahalliy boshqaruv sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Mart 07, 2026. 16:10 • 2 daq
• 104
LONDON, 7-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Jovdatxon Inagamov boshchiligidagi delegatsiyaning Londonga tashrifi davomida Britaniyaning “District Councils‘ Network” tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“District Councils‘ Network” Buyuk Britaniyadagi 170 ga yaqin kengashni birlashtiruvchi milliy tarmoq hisoblanadi. Tashkilot okrug darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari manfaatlarini himoya qiladi va ular nomidan markaziy hukumat, parlament hamda boshqa milliy institutlar bilan doimiy muloqotni taʼminlaydi.
Mazkur muloqot mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, jamoatchilik bilan ishlash samaradorligini oshirish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati, aholi manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy himoya mexanizmlari hamda hududlarni kompleks rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashdilar.
O‘zbekiston tomoni mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishdagi ahamiyati va so‘nggi yillarda bu sohada amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Muloqot yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, shuningdek, mahalliy boshqaruv sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi