Logo

Hindiston madaniy aloqalar kengashi yangi o‘quv yili uchun stipendiyalar dasturini eʼlon qildi

Mart 08, 2026. 10:00 • 2 daq

165
Hindiston madaniy aloqalar kengashi yangi o‘quv yili uchun stipendiyalar dasturini eʼlon qildi

DEHLI, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Hindiston madaniy aloqalar kengashi (Indian Council for Cultural Relations - ICCR) xorijlik, jumladan, o‘zbekistonlik yoshlar uchun 2026/27-akademik o‘quv yili uchun mo‘ljallangan navbatdagi stipendiyalar dasturini eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

So‘nggi yillarda taʼlim va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning izchil va jadal rivojlanib borayotgan ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, o‘zbekistonlik yigit-qizlar ICCR dasturlari doirasida turli sohalarda zamonaviy bilimlarga ega bo‘lmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qilayotgan ushbu dastur doirasida joriy yil 15-aprelgacha A2A maxsus portali orqali ariza topshirish mumkin.

Aprel oyi yakuniga qadar Hindiston oliy taʼlim muassasalari kelib tushgan hujjatlarni tekshirish va dastlabki qabul tasdiqnomalarini yuklash jarayonini amalga oshiradi. Muhim jihati shundaki, universitet tomonidan nomzod tanlab olingandan so‘ng stipendiya ajratish bo‘yicha yakuniy saralash jarayoni Hindistonning xorijdagi diplomatik missiyalari tomonidan may va iyun oylari davomida o‘tkaziladi.

O‘qishga qabul qilingan talabalarning Hindistonga yetib borishi oliy taʼlim muassasasi tomonidan taqdim etilgan taklifnomadagi muddatlarga muvofiq iyun-avgust oylariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizning turli hududlarida Hindistonning Amiti, Sharda, Acharya va Sambram universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani, taʼlim sohasidagi o‘zaro ishonch naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.

ICCR stipendiyalari esa o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun Hindistonning bevosita o‘zida, zamonaviy bilim va boy madaniy tajriba orttirish uchun qulay imkoniyatdir. Bu kabi dasturlar nafaqat yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga, balki ikki xalq o‘rtasidagi “xalq diplomatiyasi” va do‘stlik rishtalarini yana-da jipslashtirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish