Logo

Pokiston banki O‘zbekistonda o‘z filialini ochish istiqbollarini o‘rganmoqda

Mart 07, 2026. 15:10 • 2 daq

130
Pokiston banki O‘zbekistonda o‘z filialini ochish istiqbollarini o‘rganmoqda

ISLOMOBOD, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Islomobod shahridagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Markaziy banki va Pokistonning «Sind banki» vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Pokiston bank tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, «Sind bank»ning O‘zbekistonda filialini ochish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

«Sindh Bank» ijrochi direktori o‘rinbosari Asad Ali Shah O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston tijorat banklari bilan korrespondent bank munosabatlarini o‘rnatishga qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston tomoni «Sind banki» va mamlakatimizning yetakchi banklari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini maʼlum qildi.

Pokiston vakillari hamkorlikni dastlab RMA (Relationship Management Application) – banklar o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarish tizimi orqali yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini taʼkidladi. Shuningdek, keyinchalik bank operatsiyalarini bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

O‘zaro savdo operatsiyalarini milliy valyutalarda amalga oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Maʼlum qilinishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan o‘zbek so‘mi va Pokiston rupiyasidan foydalanishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston banklari Yevropa, Xitoy, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlari banklari bilan mustahkam aloqalarga ega ekanligi, bu esa Pokiston kompaniyalari uchun nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan savdo operatsiyalarini kengaytirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkinligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida zarur maʼlumotlar bilan almashish, shuningdek, O‘zbekistonning tegishli banklari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida navbatdagi onlayn uchrashuvni o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish