Samarqandda “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi
Iyul 25, 2026. 15:30 • 4 daq
• 136SAMARQAND, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Samarqand shahrida “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini kuchaytirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi. Unda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislar, shahar maʼmuriyati vakillari, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari (onlayn va oflayn formatda), shuningdek davlat va jamoat tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya shaharlar o‘rtasida xalq diplomatiyasi asosida do‘stlik, hamjihatlik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, uning doirasida madaniyat, taʼlim, turizm, iqtisodiyot, ekologiya va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, anjuman xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlash, milliy qadriyatlar hamda urf-odatlarni hurmat qilish orqali tinchlik va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shishga xizmat qildi.
Konferensiya doirasida yalpi majlis hamda uchta mavzuli sessiya o‘tkazildi.
Yalpi majlis: “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” Yalpi majlisning asosiy maqsadi – birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni xalq diplomatiyasining muhim mexanizmi sifatida ilmiy va amaliy jihatdan muhokama qilish, mahalliy darajadagi xalqaro aloqalar orqali xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, madaniy yaqinlik va gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlashdan iborat.
Birinchi sessiya: “Birodar shahar va hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik” Mazkur sessiya doirasida birodar shaharlar va hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyada hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi. Shuningdek, birodar shaharlar o‘rtasida kichik va o‘rta biznes subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va hududlararo sheriklikni aniq amaliy natijalarga yo‘naltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sessiya hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Ikkinchi sessiya “Birodar shaharlararo fan-taʼlim, texnologiya va innovatsiyalar hamkorligining istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda birodar shaharlar o‘rtasida ilm-fan, taʼlim, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Sessiya davomida oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va innovatsion tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “aqlli shahar” (smart city) texnologiyalari, zamonaviy boshqaruv tizimlari, ekologik innovatsiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish borasidagi xalqaro tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sessiyada bilim va tajribani umumlashtirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda shaharlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi mexanizmlarni shakllantirish kabi mavzular qamrab olindi.
Uchinchi sessiya “Turizm – birodar shaharlar global tarmog‘ini rivojlantirishning strategik vositasi” mavzusiga bag‘ishlandi. Ushbu uchrashuv davomida turizm sohasi birodarlashgan shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda xalq diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirishning asosiy yo‘nalishi sifatida muhokama etildi.
Sessiya doirasida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati va zamonaviy turizm imkoniyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy shaharlar bilan qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish hamda yangi yo‘nalishlarni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan turizm, madaniyat va iqtisodiy hamkorlikni uyg‘unlashtirish, shaharlar o‘rtasida sayyohlik almashinuvini rivojlantirish, umumiy turistik yo‘nalishlar yaratish, milliy qadriyatlar va madaniy merosni keng targ‘ib qilish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro tajriba almashinuvini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Anjuman doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar iqtisodiyot, taʼlim, innovatsiya, turizm hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Mazkur konferensiya birodar shaharlar o‘rtasidagi do‘stlik va ishonch rishtalarini mustahkamlash, barqaror taraqqiyot yo‘lida yangi imkoniyatlarni yaratish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





