Logo

Berlinda vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Aprel 20, 2026. 11:52 • 2 daq

189
Berlinda vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Berlinda vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Berlinda vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

BERLIN, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida yosh vatandoshlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Germaniyaga xizmat safari bilan kelgan O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Kasbiy taʼlim agentligi vakillari hamda shu yerda yashab, o‘qib yoki ishlab yurgan yurtdoshlar qatnashdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi – xorijdagi yoshlar bilan yaqindan suhbatlashish, ularni qiynayotgan masalalarni tinglash, muammolar yechimi bo‘yicha fikr almashish va ularni mamlakatimizdagi yangiliklar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Muloqotda O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov so‘zga chiqib, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. U bunday uchrashuvlar davlatning o‘z fuqarolariga bo‘lgan eʼtibori va g‘amxo‘rligini ko‘rsatishini taʼkidladi.

Kasbiy taʼlim agentligi direktori Azimjon Husanov O‘zbekistonda kasbiy taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni kasbga o‘rgatishda joriy etilayotgan yangi tizim haqida maʼlumot berdi. U vatandoshlarning taklif va fikrlarini eshitishga tayyor ekanini bildirdi.

Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov mehnat migratsiyasini tartibga solish va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ishlari haqida so‘z yuritdi. U Migratsiya jamg‘armasi orqali fuqarolarni ishga joylashtirish, huquqlarini himoya qilish, o‘qitish va huquqiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari mavjudligini aytdi. Shuningdek, zarur hollarda xorijdan turib ham agentlikka murojaat qilib, yordam olish mumkinligi taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir yakunida bunday ochiq muloqotlarni muntazam o‘tkazib borish, yoshlarni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilish va ularning O‘zbekiston bilan aloqalarini yanada mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish