Logo

Ramlada O‘zbekiston-Isroil savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi

38
Ramlada O‘zbekiston-Isroil savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi
Ramlada O‘zbekiston-Isroil savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi

RAMLA, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Isroilning Ramla shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Ramla shahri meri Mixael Vidal, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Isroil shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish masalalarini muhokama qildilar.

Ramla meri shaharning rivojlanishida o‘zbekistonliklarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa vakillari o‘zbek xalqiga xos mehnatsevarlik, yaqinlarga hurmat va bunyodkorlikka intilishni saqlab qolgan holda, Isroilda ushbu fazilatlarni muvaffaqiyatli qo‘llab, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston elchisi Jahongir Aminov Prezidentimiz rahbarligida respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilgan qulay investitsiya muhiti, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama ishbilarmonlik hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. Taʼlim, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Ramlada istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Isroil tomoniga o‘zbek xalqining buyuk namoyandalari - Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning boy maʼnaviy va tarixiy merosi haqida batafsil va mazmunli maʼlumot berildi. Ularning jahon adabiyoti, davlatchilik anʼanalari va umumbashariy madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, tomonlar Ramla munitsipaliteti bilan hamkorlikda anʼanaviy Navro‘z bayramini o‘tkazish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida mamlakatimizning eksport va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirish maqsadida Isroil ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish