“The World News”: Qoraqalpog‘istonda xalqaro standartlarga javob beradigan Orol logistika markazi tashkil etiladi

ISLOMOBOD, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “The World News” elektron nashri “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish tafsilotlari qalamga olingan.
Taqdimotda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun 7-o‘ringa ko‘tarildi. Sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetdi. Umumiy eksport 2016-yilga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar bo‘ldi.
Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion so‘mga (2025 yilda 54,3 trillion so‘m bo‘lgan), aholi jon boshiga esa 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish muhimligi taʼkidlandi (2025-yilda 435 million dollar bo‘lgan).
Nashrda, shuningdek, joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingani taʼkidlangan.
“Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezidentimiz ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025 yilda 2,5 milliard dollar bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etildi”, – deyiladi manbada.
Yig‘ilishda Davlat Rahbariga hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi. Turizmni hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.
Xususan, “Borsa kelmas” tuz koni hududida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida Mars sayyorasi manzarasini eslatuvchi nuqtalarda glemping zonalari tashkil etiladi. Orol dengizi qurishi oqibatlarini butun dunyoga namoyish qilish uchun Orol dengizi tarixi muzeyi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi.
“Bu ishlar hisobiga joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yildi. Mashhur turoperatorlarga hududning jozibadorligini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadi. Shuningdek, 2027-yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan «quruq port» maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi”, – deya maʼlum qiladi Pokiston elektron nashri.
“The World News” maqolasi «Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq taʼminlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
