Yetakchi yapon kompaniyalari bilan iqtisodiy hamkorlik loyihalari muhokama qilindi
Fevral 17, 2026. 09:00 • 2 daq
• 108NIIGATA, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlarining Niigata shahriga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastlab diplomatlarimiz Niigatadagi Yaponiya xalqaro universiteti magistratura bo‘limida tahsil olayotgan 17 nafar vatandoshimiz bilan uchrashdi. Elchixona vakillari talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar muhokama qilindi, konsullik xizmatlariga oid maʼlumotlar berildi.
Niigata shahar qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarolari bilan ham konsullik uchrashuvi amalga oshirildi. Ularning saqlash sharoitlari, sog‘lig‘i, oziq-ovqat taʼminoti va boshqa holatlari o‘rganildi. Mahbuslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali muloqot o‘tkazildi, ular tomonidan yaqinlariga yo‘llagan xabarlar manzillarga yetkazildi.
Tashrifning iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirishga qaratilgan qismida qator yetakchi yapon kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, “INPEX Japan” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu kompaniya Yaponiyaning yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri bo‘lib, neft-gaz mahsulotlarini qazib olish va qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniya jahonning 20 dan ortiq mamlakatida faoliyat ko‘rsatadi.
Uchrashuv davomida elchi tomonidan O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va investitsiya muhiti haqida batafsil maʼlumot berildi.
Diplomatlar “Agronavt” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashdi. Mazkur kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, asosan, Rossiya bozoriga mahsulot yetkazib berish sohasida faoliyat olib boruvchi kompaniya hisoblanadi.
Muloqot davomida O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlari, Yaponiyaga import uchun mahsulotlar va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniya yirik Yaponiya importyorlari uchun O‘zbekiston bozori mavzusida taqdimot o‘tkazishda amaliy yordam berishini maʼlum qildi va mazkur kompaniyalarni O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
“Jex Co Ltd” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bolalar gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqarish masalalari xususida fikr almashildi.
Shuningdek, “Sansei Co Ltd” kompaniyasi bilan muzokara o‘tkazildi. Kompaniyasi prezidenti Naoki Sato bilan uchrashuvda meva-sabzavot mahsulotlarini savdosi va distributsiyasi bilan shug‘ullanuvchi Yaponiyaning eng yirik gipermarket savdo tarmog‘i “AEON” do‘konlariga mahsulotlar yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda “Sansei Co Ltd” kompaniyasi O‘zbekistondan mag‘iz, bodom, uzum, qovun va limon mahsulotlarini import qilish bo‘yicha amaliy hamkorlikni boshlashni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida qator kompaniyalar bilan investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Yaponiya bozoriga eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirish va uni amaliy bosqichga olib chiqish uchun muhim zamin yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






