Eri Arfiya: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi geosiyosiy ahamiyatga ega davlatlardan biri hamda Yaponiyaning ishonchli va do‘stona hamkoridir

Iyul 06, 2026. 08:00 • 3 daq

66
Eri Arfiya: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi geosiyosiy ahamiyatga ega davlatlardan biri hamda Yaponiyaning ishonchli va do‘stona hamkoridir

TOKIO, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “Asahi Shimbun” mashhur gazetasida shu mamlakat tashqi ishlar vazirining parlamentdagi o‘rinbosari Eri Arfiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari haqida maqola hamda uning ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan intervyusi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Eri Arfiya intervyuda O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jihatdan muhim davlatlardan biri va Yaponiyaning ishonchli, do‘stona hamkori sifatida taʼriflab, mamlakatimizning ahamiyati kelajakda faqat ortib borishini taʼkidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi strategik mavqei, boy mineral va energetika resurslari, shuningdek, demografik salohiyati hamda mintaqaviy bozor imkoniyatlari tufayli Yaponiya uchun energetika xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va resurs diplomatiyasi nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Eri Arfiya may oyida O‘zbekistonga ilk tashrifi chog‘ida mamlakatimizda Yaponiyaga nisbatan samimiy munosabatni va yuksak ishonchni shaxsan his qilganini qayd etgan. Shuningdek, intervyuda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvning bir qismi o‘zbek tilida o‘tganini haqida so‘z yuritilgan.

Diplomat suhbat davomida Yaponiyaning Orolbo‘yidagi “Taraqqiyotga rasmiy yordam” (ODA) dasturi doirasidagi loyihalariga ham batafsil to‘xtalib, suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanishi, iqlim o‘zgarishi va aholi salomatligi muammolarini hal etishga qaratilgan tashabbuslarni davom ettirish niyatida ekanini maʼlum qilgan.

Taʼkidlanishicha, Yaponiya bu yo‘nalishda izchil moliyaviy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, 2019-yilda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Orolbo‘yi aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan 2,4 million AQSH dollari miqdoridagi loyiha amalga oshirilgan. 2023-yilda esa iqlim o‘zgarishiga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 1,9 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha hayotga tatbiq etilgan. 2026 yilda suv resurslarini boshqarish va ulardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan 5 million AQSH dollari miqdoridagi yangi grant loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu tariqa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilgan grant yordamining umumiy hajmi to‘qqiz million uch yuz ming AQSH dollarini tashkil etgan.

Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, suvni tejaydigan agrotexnologiyalarni joriy etish va ekologik barqarorlikni taʼminlash sohalarini qamrab olgani hamda yuqori baholanayotgani qayd etilgan.

Suhbatda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarini jihozlash, mahalliy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda hududlarda tibbiy infratuzilmani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar ekani belgilangan.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining taʼkidlashicha, O‘zbekiston kabi geosiyosiy jihatdan muhim va Yaponiya uchun do‘stona bo‘lgan mamlakatlar bilan mustahkam ishonchli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish mintaqadagi barqarorlikka xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, Yaponiya xavfsizligini va uning tashqi siyosiy manfaatlarini mustahkamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish