Samarqandda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida Cho‘llar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi ochildi

Noyabr 19, 2026. 11:30 • 3 daq

• 133
Samarqandda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida Cho‘llar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi ochildi
Samarqandda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida Cho‘llar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi ochildi

SAMARQAND, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand davlat universiteti (SamDU) hamda Yaponiyaning Tottori universiteti hamkorligida Cho‘llar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, yurtimizning Yaponiyadagi elchixonasi (onlayn), Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari hamda Yaponiya, Isroil va AQShning yetakchi olimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmuradov hamda Tottori universiteti prezidenti Tasuku Xarada Cho‘llar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

Markazni tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 20-dekabr kuni Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti doirasida ilgari surilgan edi. Markazning bir yildan kam vaqt ichida ochilgani ikki davlatning kelishuvlarni amaliy natijaga aylantirishga bo‘lgan siyosiy irodasini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari uchrashuvda Samarqand davlat universiteti va Tottori universiteti hamkorligi qo‘shma dala tadqiqotlari va ekspeditsiyalardan boshlanib, 2023-yil fevraldagi Akademik almashinuv va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim orqali “Blue-SATREPS” loyihasi darajasiga yetganini ta’kidladi.

Yangi markaz Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti qoshida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari iqlim o‘zgarishini baholash, cho‘l resurslarini barqaror boshqarish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahalliy aholi farovonligini oshirish, an’anaviy bilim va tajribalarni saqlash hamda rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.

Markaz tadqiqotlar, ta’lim, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, mintaqaviy platformani shakllantirish, xalqaro hamkorlik va innovatsiyalar yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.

Uning ustuvor dasturlaridan biri ekologiya va yaylovlarni boshqarish yo‘nalishida Samarqand davlat universiteti hamda Tottori universiteti o‘rtasida qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshirish hisoblanadi.

Markaz faoliyatining mintaqaviy qamrovi O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonning cho‘l va yarim cho‘l hududlarini qamrab oladi. Kelgusida ushbu geografik qamrovni Afg‘onistonning shimoliy hududlari hisobiga kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Keyingi bosqichda markaz negizida mustaqil yoki kengaytirilgan ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yurtimizning Yaponiyadagi elchixonasi markaz faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ta’lim aloqalarini yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga ko‘maklashishda davom etishini bildirdi.

Yangi markazning tashkil etilishi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarida ilmiy-ta’lim hamkorligi tobora muhim o‘rin egallayotganining amaliy ifodasi bo‘lib, ayniqsa, yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun yangi ta’lim hamda ilmiy imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish