Shanxayda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi
Sentabr 08, 2026. 12:00 • 2 daq
•
SHANXAY, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Shanxayda O‘zbekistonga investitsiya kiritish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Shanxay iqtisodiyot va axborotlashtirish komissiyasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda komissiya raisi o‘rinbosari Xe Yong, Xitoyning mutasaddi idoralari hamda 50 dan ortiq yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Xe Yongning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining strategik markazi va Shanxay ishlab chiqarish korxonalari uchun xavfsiz hamda istiqbolli bozor sanaladi.
Seminar davomida globallashuv jarayonida korxonalar duch keladigan huquqiy, madaniy va resurslarni taqsimlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ushbu seminar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Tadbirda yurtimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “INDRA E-commerce Service Co., Ltd”, “SUS Environment”, “NIO” va boshqa kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, investitsiya muhiti va qonunchilik asoslari haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, qulay ishbilarmonlik muhiti va mamlakatimizning Yevropa hamda mintaqaviy bozorlarga chiqishdagi logistik va infratuzilmaviy afzalliklari haqida maʼlumot berildi.
Seminar yakunida xitoylik tadbirkorlarning O‘zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi