Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga davlat tashrifi natijalari Dehlida muhokama qilindi

Sentabr 08, 2026. 11:30 • 2 daq

2
Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga davlat tashrifi natijalari Dehlida muhokama qilindi

DEHLI, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasida Hindiston – Markaziy Osiyo jamg‘armasi (ICAF) bilan hamkorlikda “Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda ICAF direktori, MERI Xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari, professor Ramakant Dvivedi, Hindistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi va ICAF vitse-prezidenti Gitesh Sarma, “ANI News” va “Print Online” nashrlari jurnalistlari hamda o‘zbek talabalari va diplomatlar ishtirok etdilar.

Shuningdek, videokonferensaloqa vositasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Diplomatiya akademiyasi direktori Abdusamat Haydarov va Hindiston ekspert-akademik doiralari vakillari onlayn tarzda qatnashdilar.

Elchi Sardor Rustambayev o‘z nutqida ishtirokchilarga Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi oliy darajadagi tadbirlar, ularning mazmun-mohiyati va ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berdi. Xususan, rasmiy uchrashuvlar, ularda muhokama qilingan asosiy masalalar hamda erishilgan muhim kelishuvlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, ushbu davlat tashrifi davomida O‘zbekiston va Hindiston keng qamrovli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ygani o‘zaro ishonch va siyosiy muloqotni yana-da mustahkamlash, amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Hindiston vakillari, o‘z navbatida, Modining tashrifi O‘zbekiston davlat Mustaqilligining 35 yilligini nishonlash arafasida amalga oshirilgani katta ramziy va siyosiy maʼnoga ega ekanini alohida qayd etdilar.

ICAF vitse-prezidenti Gitesh Sarma Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosat nafaqat O‘zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini tubdan ijobiy tomonga o‘zgartirganini eʼtirof etdi. Professor R.Dvivedi esa Hindiston ekspert doiralari ikki tomonlama strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muhokamalar yakunida hindistonlik ekspertlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng jamoatchilikka va siyosiy doiralarga yetkazishda hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirishda faol ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish