Yaponiyadan munosabat: O‘zbekiston Osiyoning yetakchi sport davlatlaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamladi

Oktabr 09, 2026. 13:00 • 3 daq

• 436
Yaponiyadan munosabat: O‘zbekiston Osiyoning yetakchi sport davlatlaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamladi

TOKIO, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “The Asahi Shimbun” gazetasi muxbiri Yuri Imamura “Dunyo” axborot agentligiga Aichi–Nagoyada bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasining ishtiroki bo‘yicha taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekiston sport delegatsiyasining Aichi–Nagoyadagi XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi mamlakatning Osiyodagi yetakchi sport davlatlaridan biri sifatidagi maqomini yanada mustahkamladi.

O‘yinlarda O‘zbekiston sportchilari 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali – jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat 2023-yilda Xanchjouda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ham xuddi shunday natija qayd etgan edi. Shu bilan birga, oltin medallar soni bo‘yicha O‘zbekiston Hindiston bilan tenglashdi.

Ushbu natijalar O‘zbekistonda sport rivoji barqaror va tizimli asosga ega ekanini ko‘rsatadi. Mamlakatning kuchli tomonlaridan biri yakkakurashlar bo‘lib qolmoqda. Bu dzyudo va yunon-rum kurashida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.

Sport delegatsiyasining ko‘lami va xilma-xilligi ham menda katta taassurot qoldirdi. Musobaqalarda sportning 42 turi bo‘yicha 396 nafar sportchi – 224 nafar erkak va 172 nafar ayol ishtirok etdi. An’anaviy ravishda kuchli bo‘lgan boks va kurash bilan bir qatorda, o‘zbek sportchilari velosport, yelkanli sport, golf va regbi bo‘yicha ham o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Ayniqsa, 172 nafar sportchi xotin-qizning ishtiroki alohida e’tiborga loyiqdir. Bu mamlakatda ayollar sporti va infratuzilmasi jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Men O‘zbekistonni nafaqat sport sohasida yoritaman, balki bu mamlakatga bir necha bor tashrif buyurganman. Har gal o‘zbek yoshlarining g‘ayrati va rivojlanishga bo‘lgan intilishini his qilaman. Aholi tarkibida yoshlarning salmog‘i yuqoriligi mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarning muhim omillaridan biridir.

Yosh avlodning yangi mamlakat barpo etish yo‘lidagi intilishi xalqaro sport maydonlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Men buni o‘ziga xos “O‘zbekiston ruhi” – kuch-g‘ayrat, yuksalishga intilish va maqsad sari sobitqadamlik deb bilaman.

Davlatning yosh iqtidorlarni aniqlash va tarbiyalashga yo‘naltirayotgan sarmoyasi sportchilarning mehnatsevarligi, vatanparvarligi va intilishi bilan uyg‘unlashib, medallarga aylanmoqda. Shu ma’noda, sportdagi natijalar bugun O‘zbekistonda kechayotgan taraqqiyot jarayonlarini aks ettiradi.

Aichi–Nagoyadagi natija O‘zbekiston rivojlanayotgan sport mamlakatidan Osiyoning to‘la shakllangan sport davlatiga aylanib ulgurganini yana bir bor isbotladi.

O‘zbekistonlik sportchilarning munosib ishtiroki O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro hurmat rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil.

O‘zbekiston sportchilarining yuksak natijalarini olqishlagan holda, ularning jahon sport maydonlaridagi yangi zafarlarini katta qiziqish bilan kutib qolaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish