“NewsMark” jurnali: O‘zbekiston transport-logistika imkoniyatlarini xalqaro maydonda namoyish etmoqda

Oktabr 09, 2026. 12:30 • 3 daq

• 89
“NewsMark” jurnali: O‘zbekiston transport-logistika imkoniyatlarini xalqaro maydonda namoyish etmoqda

BЕRLIN, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “NewsMark” jurnalida O‘zbekistonning transport-logistika sohasidagi keng ko‘lamli islohotlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Kristian Grosse O‘zbekistonning transport-logistika sohasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish strategiyasi va Berlinda o‘tkazilgan “InnoTrans 2026” ko‘rgazmasidagi ishtirokiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Nashrning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ avvallari “InnoTrans” ko‘rgazmasi doirasida asosan delegatsiya shaklida ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil birinchi marta alohida milliy ekspozitsiya bilan qatnashdi.

Dunyo transport sanoatining 59 mamlakatdan 3 mingdan ziyod kompaniyasini birlashtirgan ko‘rgazmada O‘zbekiston tomoni mahalliy ishlab chiqarilgan yuk vagonlarini xalqaro bozorga olib chiqish, logistika sohasida yangi sheriklikni yo‘lga qo‘yish va G‘arbiy Yevropa kompaniyalari bilan texnologik hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.

Materialda O‘zbekistonning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik transport bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyati tobora ortib borayotganiga urg‘u berilgan. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan o‘tgan yili 106,4 million tonna yuk tashilgani, joriy yilda ichki va tranzit yuk tashish hajmini yana 20 foizdan oshirish rejalashtirilayotgani qayd etilgan.

Bu borada Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li muhim ahamiyatga ega. Qiymati qariyb 4,7 milliard AQSh dollariga baholanayotgan 523 kilometrlik mazkur yo‘l Xitoydan Yevropaga yuk yetkazib berish muddatini taxminan 7–10 kunga qisqartirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya yo‘nalishidagi O‘rta koridor imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirib, Polsha va Litva kabi Yevropa mamlakatlari bilan muntazam logistika yo‘nalishlarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.

Mamlakat temir yo‘l infratuzilmasini texnik modernizatsiya qilish jarayoni ham alohida yoritilgan. Jumladan, Buxoro–Urganch–Xiva yo‘nalishining elektrlashtirilishi natijasida milliy temir yo‘l tarmog‘ining elektrlashtirilgan qismi 51 foizdan oshgani, 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 65 foizga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlangan.

Jurnalda “InnoTrans 2026” doirasida o‘tkazilgan xalqaro muzokaralarga ham e’tibor qaratilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ delegatsiyasi Turkiyaning “TCDD Taşımacılık” kompaniyasi rahbariyati bilan Turkiya–Ozarbayjon–Gruziya–O‘zbekiston yo‘nalishida yuk tashishni takomillashtirish masalalarini muhokama qilgan. Polshaning “PKP” kompaniyasi va Yevropa Ittifoqi institutlari vakillari bilan ham aloqalar o‘rnatilgan.

Ko‘rgazmada xususiy sektor vakili “Mikroelektronika Plyus” kompaniyasining ishtirok etgani ham O‘zbekiston temir yo‘l sanoatida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarning natijasi sifatida baholangan. Kompaniya temir yo‘l transporti uchun zamonaviy elektron qurilmalar, boshqaruv tizimlari va dasturiy yechimlarni taqdim etgan.

Nemis nashri O‘zbekistonning transport siyosatini “O‘zbekiston–2030” strategiyasi bilan bog‘lab, 2030-yilga qadar transport va logistika infratuzilmasiga qariyb 9,1 milliard dollar investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilayotganini keltiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish