Toshkent viloyati Yaponiya kompaniyalarini hamkorlikka jalb qilmoqda
Noyabr 12, 2026. 11:00 • 2 daq
• 165TOKIO, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Nagoya shahrida “SYS Holdings Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Xironori Sudzuki boshchiligida yapon kompaniyalari vakillari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda 30 nafarga yaqin kishi, jumladan, Chubu mintaqasi Iqtisodiy federatsiyasi, “Chubu Electric Power”, “ITOCHU Corporation” kompaniyalari, “Kaikoukai” tibbiyot guruhi vakillari hamda Nagoya shahar kengashi deputati Bungo Okumura ishtirok etdi.
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov viloyatning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlari haqida taqdimot qildi.
1991-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Nagoya shahrida joylashgan “SYS Holdings Co., Ltd.” IT-xolding hisoblanadi. Kompaniya ishlab chiqarish, ijtimoiy axborot infratuzilmasi va mobil xizmatlarni raqamlashtirish uchun dasturiy yechimlar ishlab chiqadi. Aksiyalari Tokio fond birjasida kotirovka qilinadi, yillik daromadi 86 million dollar, xodimlari soni 1,7 ming kishini tashkil etadi.
Yaponiya tomoniga viloyatdagi sanoat korxonalarini IT-texnologiyalari asosida raqamlashtirishga ko‘maklashish hamda mahalliy mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha IT-markaz tashkil etish taklif qilindi.
Muzokaralar chog‘ida 2027-yilda “SYS Holdings Co., Ltd.” boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Kaikoukai” tibbiyot guruhi Toshkent viloyatida sog‘liqni saqlash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, “IES” kompaniyasi viloyat bilan hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Nagoya shahar kengashi deputati Tamotsu Asano, “Japan Advanced Technology Center” kompaniyasi vakillari, O‘zbekistonning Nagoyadagi faxriy konsuli, “IM Corporation” prezidenti Xiroyuki Ito hamda “Mixio Marketing” kompaniyasi direktori Syoiti Goto bilan hududlararo hamkorlik, texnologiyalarni joriy etish, viloyat mahsulotlari eksporti va marketing masalalari yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



