Mazori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari qator kelishuvlarga erishdi
Noyabr 12, 2026. 13:00 • 2 daq
• 131MAZORI SHARIF, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikov boshchiligida tadbirkorlardan iborat delegatsiyaning Afg‘onistonga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Balx viloyati markazi Mazori Sharif shahrida biznes forum va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvlarda to‘qimachilik, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi qator yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari ishtirok etdi.
Delegatsiya rahbari yurtimizda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgani, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, savdo hajmini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Balx viloyati Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Ibrohim G‘azanfar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. U o‘zbek tadbirkorlarini Afg‘onistondagi qo‘shma investitsiya loyihalariga sarmoya kiritishga chaqirdi.
Biznes forum doirasida Afg‘oniston va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
B2B shaklidagi muzokaralarda to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi Balx viloyati bozorlari bilan tanishib, hamkorlar bilan tegishli savdo shartnomalarini tuzish yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



