“Luxury Travel” jurnali: O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lida qishki turizmning yorqin yo‘nalishiga aylanmoqda

Oktabr 14, 2026. 16:30 • 2 daq

• 83
“Luxury Travel” jurnali: O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lida qishki turizmning yorqin yo‘nalishiga aylanmoqda

LONDON, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur turistik nashri – “Luxury Travel” jurnalida O‘zbekistonning qishki turizm salohiyatiga bag‘ishlangan “Qor ostidagi Ipak yo‘li sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ko‘plab davlatlar fuqarolari uchun yaratilgan vizasiz rejim, transport infratuzilmasining izchil yaxshilanishi va sohaga kiritilayotgan keng ko‘lamli investitsiyalar hisobidan haqiqiy sayyohlik bumini boshdan kechirmoqda. Nashr BMT ma’lumotlariga tayanib, mamlakat sayyohlar oqimi tezligi bo‘yicha jahondagi eng tez o‘sib borayotgan yettita yo‘nalish qatoriga kirganini ta’kidlaydi.

Maqolada Tyan-Shan tog‘laridagi qishki dam olish maskanlariga, xususan, zamonaviy “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga, betakror qorli manzaralarga hamda sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yurtimizda yaratilgan qulay infratuzilma, xalqimizning samimiy mehmondo‘stligi va milliy gastronomiyaning rang-barangligi yuqori baholangan.

Maqolaning salmoqli qismi Toshkent, Buxoro va Samarqandning betakror arxitektura obidalari, o‘zbek milliy taomlari hamda madaniy-gastronomik turizmga bo‘lgan qiziqishning izchil oshib borayotganiga bag‘ishlangan.

Nashrning xulosa qilishicha, O‘zbekiston sayyohlarga qadimiy meros, sharqona me’morchilik, boy milliy oshxona va zamonaviy dam olish imkoniyatlarini, jumladan, yilning sovuq mavsumida ham o‘ziga xos qulayliklarni taklif etgan holda jahon turizm xaritasidagi o‘z mavqeini yanada mustahkamlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish