IHMMda Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
May 13, 2026. 19:25 • 3 daq
• 26
TOSHKENT, 13-may. /“Dunyo” AA/. Bugun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazida (IHMM) Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu delegatsiya 14-mayda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov mehmonlarni qutlar ekan, Xitoyning yetuk ekspertlari, ilmiy-akademik doiralari va turli davlat tuzilmalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurganini alohida taʼkidladi. Delegatsiyaning bunday tarkibi va darajasi O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi inson huquqlari sohasidagi hamkorlik yana-da mazmunli va barqaror tus olayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston tomoni Xitoyning 2026-yil 23-fevral – 1-mart kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 61-sessiyasida ilgari surgan tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. Ushbu tashabbus inson huquqlari sohasida global boshqaruvni takomillashtirish va Global boshqaruv do‘stlari guruhini tuzishga qaratilgan bo‘lib, u ko‘p tomonlama yondashuvni mustahkamlash, BMTning inson huquqlari tizimidagi islohotlarni ilgari surish, rivojlanayotgan mamlakatlarning vakilligi va rolini kengaytirish, shuningdek, bu sohadagi yangi chaqiriqlarga o‘z vaqtida javob berish muhimligini ko‘zda tutadi.
Muloqot davomida Milliy markaz direktori 2018-yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (ikki yilda bir marta) o‘tkazib kelinayotganini ham aytdi. Joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi ikkita xalqaro paktning 60 yilligiga bag‘ishlangan beshinchi forum bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan xitoylik moʻtabar mehmonlar Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etish uchun taklif etildi.
O‘z navbatida, Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy O‘zbekiston tomoniga yuksak eʼtibor va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Xitoy bilan O‘zbekiston o‘z milliy taraqqiyotini tanlagan va shu yo‘ldan qatʼiy borayotgan davlatlar hisoblangani bois inson huquqlarini rivojlantirish borasidagi qarashlarimiz ham yaqin va o‘xshash ekanligini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari izchil faollashgani asnosida Xitoy bilan O‘zbekistonning ko‘plab sohalar qatori inson huquqlari sohasidagi o‘zaro muloqoti ham sezilarli darajada chuqurlashib, amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkentda o‘tkaziladigan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi mintaqaviy formatdagi muloqotni davom ettirish, aniq yechimlarni muhokama qilish, tajriba almashish, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni yakuniy hujjatda mustahkamlash imkonini beradi.
Tomonlar ushbu Forumga tayyorgarlik yakunlarini atroflicha muhokama qildilar. Forum ishtirokchilarining maʼruzalari asosida tayyorlangan maqolalarni Milliy markaz jurnallarida chop etish, Forum materiallarini alohida to‘plam shaklida nashr etish kabi bir qator amaliy takliflar ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.
Shundan so‘ng Xitoy delegatsiyasi aʼzolari Inson huquqlari uyi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda tashkil etilgan Milliy markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar va Xitoyga taalluqli adabiyotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikka oid fotoko‘rgazma mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi va Yaponiya parlamenti deputati ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar



