Toshkent viloyati delegatsiyasi Ispaniyaning agrosanoat tajribasi bilan tanishdi

May 12, 2026. 21:25 • 2 daq

76
Toshkent viloyati delegatsiyasi Ispaniyaning agrosanoat tajribasi bilan tanishdi
Toshkent viloyati delegatsiyasi Ispaniyaning agrosanoat tajribasi bilan tanishdi
Toshkent viloyati delegatsiyasi Ispaniyaning agrosanoat tajribasi bilan tanishdi

MADRID, 14-may. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Ispaniyaning Almeriya provinsiyasida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrifning asosiy maqsadi Ispaniyaning issiqxona texnologiyalari, agroinjeneriya, urug‘chilik, suv tejash va agrologistika sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda Toshkent viloyati va Ispaniya agrosanoat kompaniyalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Almeriya qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar va issiqxonachilik sohasida dunyodagi yetakchi markazlardan biri hisoblanadi. Bu hudud issiqxonachilik modeli bilan mashhur bo‘lib, bu yerda 31 ming gektardan ortiq issiqxona maydonlari mavjud. Bu issiqxonalar Yevropa bozorini sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu model tomchilatib sug‘orish, gidroponika, iqlim nazorati va suv resurslaridan samarali foydalanishga asoslangan.

Tashrif doirasida delegatsiya Ispaniyaning yetakchi agrotexnologik kompaniyalaridan biri “Future Farms Solutions S.L.” faoliyati bilan tanishdi. Kompaniya issiqxonalar uchun zamonaviy tizimlar, raqamli agromenejment, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar, avtomatlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqadi.

Muzokaralarda Toshkent viloyatida zamonaviy issiqxona klasterlarini tashkil etish, “aqlli” agrotexnologiyalarni joriy qilish, iqlim nazoratining avtomatlashtirilgan tizimlari, suv tejash yechimlari va ilg‘or agroinjenerlik texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, issiqxonachilikda geotermal energiyadan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ispaniyalik mutaxassislar energiya samarador agrar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Delegatsiya “Grupo Cristalplant S.L.” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Urug‘chilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan ushbu korxonada ilg‘or laboratoriyalar va zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilgan.

Tashrif davomida urug‘chilik, ko‘chatchilik va innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish hamda Toshkent viloyatida zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston vakillari Almeriyadagi fermerlar kooperatsiyasi tizimi bilan ham tanishdi. Bu kooperatsiya yuzdan ortiq fermer xo‘jaliklarini birlashtirib, mahsulotlarni saralash, qadoqlash va bozorga chiqarishni markazlashtirilgan tarzda amalga oshiradi.

Toshkent viloyatida ham shunday agrologistika markazlari va kooperatsiya tizimlarini joriy etish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish