Logo

AQShda “Omonatim” o‘zbek badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Yanvar 21, 2026. 08:10 • 2 daq

71
AQShda “Omonatim” o‘zbek badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
AQShda “Omonatim” o‘zbek badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
AQShda “Omonatim” o‘zbek badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

VASHINGTON, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasida “Abbos Media” xususiy kinostudiyasi hamda o‘zbek kino olami vakillari tomonidan ishlangan “Omonatim” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur madaniy-maʼrifiy tadbirda yuzga yaqin mehmonlar, AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy aholi, sanʼat va madaniyat vakillari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi tashabbusi bilan, o‘zbek milliy madaniyati, kinematografiyasi va maʼnaviy qadriyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Premyeraning ochilish qismida “Abbos Media” xususiy kinostudiyasi rahbari, film prodyuseri va rejissyori Abbos Abdullayev so‘zga chiqib, kino yaratilish jarayoni, asarning g‘oyaviy mazmuni hamda uning asosida yotgan insonparvarlik, oilaviy qadriyatlar va otalik masʼuliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z nutqida “Omonatim” filmi orqali o‘zbek xalqining xarakterli jihatlari – oilaga sadoqat, farzandga mehr, Vatanga bo‘lgan muhabbatni yoritishni maqsad qilganini taʼkidladi.

Film syujetida vatanparvarlik, ota-ona va farzand o‘rtasidagi muqaddas rishtalar, inson taqdiriga bo‘lgan masʼuliyat, oilada sog‘lom tarbiyaviy muhitni shakllantirish, mehr-oqibat va fidoyilik kabi umuminsoniy va milliy qadriyatlar keng qamrovda hamda taʼsirchan tarzda aks ettirilgan. Asar vatandoshlar va xorijiy mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Tadbir doirasida o‘zbek kinosi salohiyati, milliy kinematografiya orqali O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilish, mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy qiyofasini xalqaro jamoatchilikka namoyon etish masalalari ham muhokama qilindi. O‘zbek kino sanoatida xususiy studiyalarning o‘rni, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Premyera tadbiri davomida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari taqdim etildi. Bu esa tadbirga milliy kolorit va iliq muhit bag‘ishladi. Mehmonlar uchun o‘zbek madaniyati, urf-odatlari va milliy anʼanalarini aks ettiruvchi noyob madaniy muhit yaratildi.

Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston kino sanoatining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek sanʼatini xalqaro maydonga olib chiqish, AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan maʼnaviy aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir ishtirokchilari bunday tashabbuslarni kelgusida ham izchil davom ettirish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish