Logo

Vengriyadagi vatandoshlarga migratsiya tartib-qoidalari bo‘yicha tushuntirish berildi

Fevral 23, 2026. 15:02 • 49 soniya

6
Vengriyadagi vatandoshlarga migratsiya tartib-qoidalari bo‘yicha tushuntirish berildi

BUDAPESHT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Vengriyada doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Vengriyada bo‘lish qoidalari, konsullik hisobida turish tartibi va uning huquqiy ahamiyati yuzasidan maʼlumot berildi. Diplomatlar fuqarolarning huquq va majburiyatlari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Vengriya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda mamlakatdagi migratsiya tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilish zarurligi taʼkidlandi. Vatandoshlarga turli yot diniy oqimlar va radikal g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi guruhlar taʼsiriga tushib qolmaslik, doimo hushyor va sergak bo‘lish bo‘yicha tushuntirish berildi. Shubhali vaziyatlarda darhol elchixonaga murojaat qilish lozimligi alohida qayd etildi.

Tadbir doirasida fuqarolarni qiziqtirgan huquqiy va tashkiliy masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuv yakunida, muborak Ramazon oyi munosabati bilan talabalarga milliy taom — osh tarqatildi.

Bu kabi uchrashuvlar xorijdagi vatandoshlarning xavfsizligini taʼminlash va ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish