Qozog‘iston bosh muftiysi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etdi
Iyul 09, 2026. 13:00 • 2 daq
• 91
OSTONA, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Naurizbay hoji Tag‘anuli O‘tpenov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazislam” portaliga tayanib.
Mazkur tashrif O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev hamda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqovning rasmiy taklifiga binoan amalga oshirildi.
Tashrif doirasida delegatsiya Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etdi. Ushbu nufuzli anjuman dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan qariyb 300 nafar xorijiy mehmonni o‘zida jamladi.
Forumda davlat idoralari vakillari, muftiylar, olimlar, islomshunos mutaxassislar, yetakchi muzeylar va kutubxonalar rahbarlari qatnashdi. Anjuman doirasida to‘rtta konferensiya, o‘nta yalpi majlis hamda o‘n beshta tematik sessiya o‘tkazildi.
Muhokamalarda hadisshunoslik, kalom ilmi, qadimiy qo‘lyozmalarni asrash, arxeologik tadqiqotlar, madaniy merosni raqamlashtirish va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Forum doirasida Qozog‘iston delegatsiyasi islom sivilizatsiyasini rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash hamda ikki mamlakatning ilmiy va diniy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi