Bryusseldan munosabat: Toshkent ShHT aʼzolari bilan munosabatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda
Sentabr 04, 2026. 11:00 • 2 daq
• 71
BRYUSSEL, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “EU Reflect” nashri muharriri, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Derya Soysal “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bishkekdagi ShHT sammitiga o‘zgaruvchan xalqaro vaziyat va Yevroosiyoning ortib borayotgan ahamiyati nuqtai nazaridan kengroq yondashish lozim. Tashkilot vaqt o‘tishi bilan asosan xavfsizlikka yo‘naltirilgan tuzilmadan siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik uchun yana-da kengroq platformaga aylandi.
O‘zbekiston uchun ushbu sammit ochiq, o‘zaro bog‘langan va iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo borasidagi o‘z qarashlarini ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.
Toshkent mintaqaviy hamkorlik, transport aloqadorligi, ShHTga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida urg‘u berib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, ShHT O‘zbekistonga vazmin va mustaqil tashqi siyosatni saqlab qolgan holda amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha maydon yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning nisbatan qisqa vaqt ichida Qirg‘izistonga ikkinchi bor tashrif buyurgani ham eʼtiborga molikdir. Bu, bir tomondan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalar va hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, ikkinchi tomondan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘ta mustahkam va jadal rivojlanayotgan munosabatlarni aks ettiradi.
Bugungi kunda ShHT dunyo aholisining qariyb 40 foizi, jahonning eng tez rivojlanayotgan ayrim iqtisodiyotlarini hamda istiqbolli transport-logistika yo‘nalishlarini o‘zida birlashtirgan. Shu bilan birga, ShHT ishtirokchilarining xilma-xil tarkibi keng yondashuvni aks ettirishini taʼkidlash joiz.
Bunda mamlakatlar tashkilotdan muloqot va hamkorlik maydoni sifatida foydalanib, o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Bugungi kunda ShHT oldidagi asosiy vazifa – siyosiy o‘zaro anglashuvni aniq natijalarga aylantirishdir. Iqtisodiy loyihalar, infratuzilma aloqadorligi, sarmoyalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yana-da katta ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, Bishkek sammiti shakllanayotgan ko‘p qutbli xalqaro tizimda ShHTning ahamiyati ortib borayotganini ifodalaydi hamda mintaqa kelajagini shakllantirishda, Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan rolini alohida taʼkidlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi