Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda 2025-yil yakuni bo‘yicha kambag‘allik darajasi va aholi daromadlari tahlilini taqdim etdi
Dekabr 31, 2025. 13:33 • 4 daq
• 327TOSHKENT, 31-dekabr. /“Dunyo” AA/. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda 2025-yil yakunlari bo‘yicha kambag‘allik darajasi va aholi daromadlari tahlilini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tahlil O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida tayyorlandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yil yakunlari bo‘yicha kambag‘allik darajasi 3,1 foiz punktga qisqarib, 5,8 foizni tashkil etdi. 2023-yilda respublikada kambag‘allik darajasi 14 foizdan 11 foizga, 2024-yilda 8,9 foizga, 2025-yilda esa 5,8 foizgacha qisqardi. Natijada joriy yilda ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Respublikaning barcha hududlarida kambag‘allik darajasining qisqarishi qayd etildi. Eng yuqori natijalar Jizzax (11,8%dan 5,8%gacha pasayish), Xorazm (11,9%dan 6,7%gacha), Sirdaryo (11,3%dan 6,2%gacha) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10,8%dan 6,6%gacha) hamda Toshkent shahrida (7,3%dan 3,5%gacha) kuzatildi.
Kambag‘allik darajasi shaharlarda ko‘proq qisqarib, 5,2%ni (2024 yilda 8,6%) tashkil etgan bo‘lsa, qishloq hududlarida 6,4%ni (2024 yilda 9,2%) tashkil etdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda respublikada kambag‘al aholi soni 2,2 million nafarni tashkil qiladi. Hududlar kesimida kambag‘allar soni eng ko‘p Samarqand (265 ming nafar), Farg‘ona (239 ming nafar), Qashqadaryo (238 ming nafar) va Andijon (214 ming nafar) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Mamlakatda aholi daromadlari tarkibi tahlili ijobiy o‘zgarishlarni namoyon etmoqda. Daromadlarning asosiy manbalari mehnatdan olingan daromadlar, ijtimoiy to‘lovlar, pensiyalar va qishloq xo‘jaligidan olingan daromadlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Aholi jon boshiga o‘rtacha oylik daromadlar 2,6 mln so‘mni tashkil etib, uning tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar – 72,6% (2024 yilda – 67,7%), keksalik pensiyasi – 11,8% (12,2%), qishloq xo‘jaligi – 10,1% (12,7%), ijtimoiy yordam – 1,6% (2,2%) va boshqa daromadlar – 3,9% ga (5,2%) teng bo‘ldi.
Umuman olganda, uy xo‘jaliklarining transfertlarga qaramligining pasayishi va bandlik daromadlari rolining oshishi kuzatilmoqda.
Mamlakatda “Xitoy tajribasi” asosida Yangi yondashuvlarning amaliyotga joriy etilishi yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil bo‘ldi.
Jumladan, joriy yilda:
- eksportchi korxonalar ishtirokida “Kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida 484 ta kooperativ tashkil etilib, ularga 15,7 ming nafar kambag‘al oila aʼzolari jalb qilindi;
- o‘rmon fondi yerlaridan 8,7 mingta kambag‘al oilaga ko‘chatxona tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun 21 ming gektar yer maydoni ijara asosida ajratib berildi;
- 2,3 mingta kambag‘al oilalarga o‘zi yetishtirgan mahsulotini sotish uchun dehqon bozorlari va supermarketlardan 7,5 ming kv.m. maxsus savdo joylari ajratildi;
- 12 ta yangi “turizm mahallalari”ni tashkil etish hamda 40 ta mahallada turizm xizmatlarini rivojlantirish orqali 1,3 ming nafar kambag‘al oila aʼzolari bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, Sayxunobod tajribasi bo‘yicha mahallalarda qiymati 18 trln so‘mlik 394 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshirilib, bu orqali respublikada jami 809 ming kishining bandligi taʼminlandi.
2025-yilning 11 oyida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 127,1 trillion so‘m kredit ajratildi. Bu mablag‘ning 27,7 trln so‘mi tadbirkorlik dasturlariga, jumladan, 4 trln so‘m “Oilaviy tadbirkorlik”, 6,6 trln so‘m “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash”, 4,4 trln so‘m “Biznesga birinchi qadam” va 13 trln so‘m “Mahalla loyihasi”ga yo‘naltirilgan.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat natijasida aholi daromadlari o‘rtasidagi tengsizlikning sezilarli qisqarishi kuzatilmoqda. Xususan, aholining eng yuqori (1-kvintil) va eng kam (5-kvintil) daromadga ega guruhlari o‘rtasidagi tafovut 2024 yildagi 6,3 baravardan 5,7 baravargacha qisqardi.
Ushbu ijobiy dinamika aholining kam taʼminlangan qatlami daromadlarining yuqori surʼatlarda o‘sishi hisobiga taʼminlandi. Tahlillarga ko‘ra, eng kam taʼminlangan guruh daromadlari 26%ga oshgan, boy qatlam daromadlari esa 13%ga oshgan.
Daromadlar tengsizligini ifodalovchi Jini koeffitsiyenti 2024 -ildagi 0,35dan 2025-yilda 0,33ga pasaygan. Jini koeffitsiyentining kamayishi asosan Toshkent shahri – 0,26 (2024-y. – 0,32), Sirdaryo viloyati – 0,28 (0,32) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 0,28 (0,32) kuzatildi.
O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini baholash 2020-yildan buyon doimiy asosda o‘tkazib kelinmoqda va aholi turmush darajasi, yashash sharoiti va sifati to‘g‘risidagi muhim maʼlumot manbai bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, mamlakatdagi monetar kambag‘allik darajasini baholashning yagona axborot manbai hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

