Pekindan munosabat: O‘zbekistonga borayotgan xitoylik sayyohlar soni yil sayin ortmoqda
Dekabr 30, 2025. 08:15 • 2 daq
• 84
PEKIN, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasining Xitoydagi rasmiy vakili Chi Lu, “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi yuzasidan fikr bildirdi:
– Turizm sohasi mutaxassisi sifatida aytishim kerakki, Prezidentining Murojaatnomada O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan xorijiy sayyohlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha belgilagan rejalari meni juda quvontirdi.
Sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekistonda yangi turistik obyektlar qurish hamda transport infratuzilmasini, jumladan, aviatsiya va temir yo‘llarni sezilarli darajada yaxshilashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat darajasidagi bunday qo‘llab-quvvatlash tufayli biz turizm sohasini rivojlantirishda yana-da ko‘proq ishonchga ega bo‘lyapmiz. Yakuniga yetayotgan yilda “Xitoyda O‘zbekiston turizmi yili” doirasida Xitoyning turli provinsiyalari va shaharlarida muvaffaqiyatli taqdimotlar o‘tkazdik. Biz O‘zbekistonga borayotgan xitoylik sayyohlar soni yil sayin ortayotganini kuzatmoqdamiz.
Alohida taʼkidlash joizki, 1-iyundan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kirdi. Bu esa O‘zbekistonga istalgan vaqtda sayohat qilish imkonini berdi va xitoylik sayyohlarning qiziqishini sezilarli darajada oshirdi.
Biz bundan buyon ham Xitoyda O‘zbekistonning turizm brendini targ‘ib qilish va mamlakatingizga xitoylik sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga tayyormiz.
Yangi 2026-yil munosabati bilan O‘zbekiston xalqini bayram bilan tabriklayman va barchaga baxt, muvaffaqiyat hamda farovonlik tilayman!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi